Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri ustoz san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 82 yoshda vafot etdi. 1939 yilning 21 aprel sanasida Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tavallud topgan ustoz san’atkor 1957 yilda aktrisa bo‘lish orzusida Toshkentga kelgan. Teatr va rassomchilik san’ati oliygohida tahsil olgan.
Maryam Ixtiyorova o‘z faoliyatini 1959 yilda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida boshlagan. Ustoz san’atkor o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida ko‘plab spektakl va filmlarda ishtirok etgan. Shuningdek turli radioeshittirishlar va xajviy teleko‘rsatuvlarda ham muntazam qatnashgan. Ko‘p yillik faoliyati davomida «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist», 1997 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» kabi unvonlar hamda 2016 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Aniq.uz Maryam Ixtiyorovaning vafoti munosabati bilan oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.