Oilamni boqaman, deya rasmiy ravishda chet elga ishlagani ketgan odamlar soni yurtimizda ikki millionga yaqinni tashkil etadi. Ayrim oilalarda ham ota, ham ona ishlashga ketib, bolalar goh qarindoshining, goh qo‘ni-qo‘shnining, goh enaganing qo‘lida qolib ketmoqda yoki mehribonlik uyida kun kechirmoqda.
Yaqinda ommaviy axborot vositalari orqali enagasining qo‘lida xor-zorlikda halok bo‘lgan qizaloq taqdiri keng yoritildi. Hali maktabga ham borishga ulgurmagan qizcha ota-onasi xorijga ketib, e’tibordan chetda qolganining kasridan nobud bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, shu paytgacha xorijga ketganlarning farzandlari holidan xabar olish, ularning taqdiri bilan shug‘ullanishga hech bir tashkilot jiddiy e’tibor qaratmagan. Mehnat migrasiyasining oila va bolalarga ta’siri borasida ham rasmiy tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
Bu ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi YUNISEF xalqaro bolalar jamg‘armasi bilan hamkorlikda «Migrasiya oqibatida himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalarni himoya qilish» mavzusidagi xalqaro loyihaga qo‘l urgan edi. Kuni kecha esa ushbu loyihaning tasdiqlangani va ijrosi boshlangani to‘g‘risida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
— Yurtdoshlarimiz, asosan, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya davlatlariga ishlagani ketishgan, — deydiXotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila NORBOYEVA. — Ularning oilalari, ba’zan bolalari yolg‘iz, o‘z holicha kun kechirib kelmoqda. Bolalarning aksariyati institusional muassasalarda yillab qolib ketmoqda. Yangi qabul qilingan loyihada aynan ushbu muammoni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdik. Davlatimiz va xorijiy tashkilotlar ko‘magida xorijdagi migrantlar ham, ularning oila a’zolari ham himoyaga olinadi, ular ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi. Bu ishlarda hamma mas’ul tashkilotlar — Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ittifoqi, «Oila» markazi, Mehnat vazirligi — birga, bahamjihat ish olib boradi.
Xorijga ishlagani ketganlarning eng ko‘p qismi — Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri kelgani bois loyihada ko‘rsatilgan asosiy tadbirlar ko‘proq ushbu hududlarda olib boriladi. Muhojir ota-onalar tashlab ketgan bolalarga homiylik va vasiylik choralari, oilalarga mas’ul tashkilotlar tomonidan viloyat va tuman darajasida yordam ko‘rsatiladi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumanning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ham bolalarga vasiylik qilish tizimini takomillashtirishga erishiladi. Bunday tizim orqali bolalar zo‘ravonlik va ekspluatasiyadan himoyalanadi.
Sasha GRAUMAN,
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
— Dunyoning boshqa mintaqalariga nisbatan migrasiya ta’sir ko‘rsatgan bolalarning eng katta ulushi Osiyoga to‘g‘ri keladi. Yevropa Ittifoqi ko‘magida YUNISEF muhojir ota-onalar tomonidan tashlab ketilgan bolalar hamda tranzit jarayonidagi bolalarning yanada yaxshiroq himoyasini ta’minlashni maqsad qilgan.