Bugun, 26 mart kuni, erta tongda Bangkok—Farg‘ona charter reysi orqali Tailanddan 257 nafar O‘zbekiston fuqarosi Farg‘onaga olib kelindi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali orqali ma’lum qilindi.

Mazkur charter reys bilan olib kelingan fuqarolar Oltiariq tumanidagi «Qiziltepa» sihatgohiga joylashtirilib, karantinga olingan.

Ta’kidlanishicha, aviareys orqali 163 nafar ayol, 67 nafar erkak hamda 27 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarolari olib kelingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tailanddan olib kelingan fuqarolar orasida Bangkokda mashg‘ulotlar o‘tkazgan triatlon bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar jamoasining a’zolari ham bor.

Samolyot trapidan tushayotgan yo‘lovchilar dezinfeksiya qilinib, ularning tana harorati o‘lchangan.

Mart oylarining boshlarida O‘zbekistonning Bangkok shahridagi bosh konsulxonasi Tailand Qirolligi hukumati COVID-19 koronavirusining tarqalishi munosabati bilan 18 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakat aeroportlarida kirish vizalarini rasmiylashtirish tartibini bekor qilgani haqida xabar bergandi. 21 mart kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorij mamlakatlaridagi va og‘ir ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida Respublika maxsus komissiyasiga fuqarolarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha aviareyslarni tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslar soni 65 nafarga etdi. 24 martdan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi, dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatildi.