Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Tahoratni mukammal qiling!

Tahoratni mukammal qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

عَنْ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَجُلًا تَوَضَّأَ فَتَرَكَ مَوْضِعَ ظُفُرٍ عَلَى قَدَمِهِ فَأَبْصَرَهُ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم فَقَالَ: ارْجِعْ فَأَحْسِنْ وُضُوءَكَ فَرَجَعَ ثُمَّ صَلَّى. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ. وَلَهُ: أَسْبِغِ الْوُضُوءَ وَخَلِّلْ بَيْنَ الْأَصَابِعِ وَبَالِغْ فِي الْاِسْتِنْشَاقِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ صَائِمًا.

«Bir odam tahorat qilib, oyog‘ining tirnoqcha joyiga suv yetkazmadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib qoldilar va:

«Qayt, tahoratingni yaxshilab (mukammal) qil», dedilar. U qaytdi va so‘ngra namoz o‘qidi».

Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.

Abu Dovudning rivoyatida:

«Tahoratni mukammal qil. Panjalar orasiga suv yetkaz va ro‘zador bo‘lmasang, burunga suv olishda mubolag‘a qil», deyilgan.

Sharh: Bu hadisi sharifda ham tahoratni yaxshilab qilish, tahoratda a’zolarni tirnoqcha ham joyini qoldirmay, yaxshilab yuvish zarurligi haqida so‘z bormoqda.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalar shariatga qanday amal qilayotganlarini ziyraklik bilan kuzatib turishlari. U zot sollallohu alayhi vasallam bir kishi oyog‘ining tirnoqchalik joyiga suv yetmay qolganini ko‘rib ham tanbeh berdilar. Ustozlar bundan o‘rnak olishlari lozim.

2. Birovning qilayotgan amalida xato yoki kamchilik ko‘rilsa, darhol aytish kerakligi.

3. A’zolarning hamma joyiga suv yetkazib yuvish zarurligi.

4. Tirnoqcha joyga ham suv yetmay qolishi mumkin emasligi.

5. Kamchilik ayon bo‘lganda qaytib borib, uni bartaraf qilish kerakligi.

6. Tahoratni yaxshilab qilish zarurligi.

7. Ayniqsa oyoqni yuvishda ehtiyot bo‘lish lozimligi.

8. Panjalarning orasiga suv yetkazishga alohida e’tibor berish zarurligi.

9. Burunga suv olganda, ro‘zador bo‘lmasa, iloji boricha ichkariroqqa yetkazish, shuningdek, og‘izni chayganda ham shunga rioya qilish lozimligi.

Mana shu ikki hadisni har bir musulmon yaxshilab o‘rganishi va doimo yodidan chiqarmay yurishi zarur. Chunki bu hadisda zikr qilingan xatolar hayotda ko‘p uchraydi. Shuning uchun bu hadislardagi tahdid va tanbehlar har bir musulmonning yodidan zinhor ko‘tarilmasligi lozim.

Ayniqsa, oyoqni yuvish haqidagi talablar alohida e’tiborga loyiq. Avvalo oyoqni yuvishda ko‘pchilik noto‘g‘ri o‘tirib olib, qiynalishadi. O‘sha noqulaylik tufayli oyoqni yaxshilab yuvish imkoni kamayadi. Qolaversa, oyoqqa mash tortsa bo‘ladi, deganlar bor. Ularning bu gaplari turli davr­larda tez-tez qo‘zg‘alib ham turadi. Ana shu narsadan ta’sirlanib qolmaslik kerak.

Avval ham bir necha bor ta’kidlanganidek, tahorat qilish ibodatdir. Tahoratni chala qilish esa ibodatni chala qilish bo‘ladi. Buning ustiga, tahoratning chala bo‘lishi boshqa ibodatlarni yo‘qqa chiqaradi. Shuning uchun tahoratga muhim ibodat sifatida jiddiy qarash har bir musulmonning burchidir.

Buning uchun avvalo tahorat qiladigan joy yaxshi va qulay bo‘lishi kerak. U joyda barcha qulayliklar, tahoratni shariatda ko‘rsatilgandek qilish imkoniyatlari bo‘lmog‘i lozim. Hatto suvga e’tibor bermoq zarur.

Tahoratga oddiy poklovchi suvdan boshqa suv ishlatish mumkin emas. Nopok suv, turli omillar bilan ta’mi, hidi, rangi o‘zgargan suv ham bo‘lmasligi kerak. Bu Alloh qarshisida hamma tengligi, shariatdagi amallar xalqchilligi ramzidir. Agar oddiy suvdan boshqa suvda tahorat qilishga ijozat berilsa, boylar tilloning suvi ila tahorat qilib, gerdayishi, kambag‘allar o‘ksishi mumkin edi.

Lekin o‘sha ijozat berilgan suv ham tahorat ibodatini yaxshilab amalga oshirish uchun omil bo‘l­mog‘i kerak. Misol uchun, ob-havoga qarab, mo‘’tadil bo‘lishi zarur. Suv o‘ta issiq yoki sovuq bo‘lsa, xushu’ va xuzu’ ila tahorat qilishga xalaqit beradi.

Ulamolarimiz tahorat borasida kelgan hamma hadis va manbalarni o‘rganib, so‘ng ishlab chiqqan tahorat odoblariga, bu boradagi qoidalarga nazar solsak, ushbu haqiqatni yana ham to‘laroq tushunib yetamiz.

Manba: islom. uz

Kiritildi: 21:36 17.11.2019. O'qildi: 7142 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!