2035 yilga borib butun dunyoda shaxsiy avtomobillardan foydalanish kamayadi va odamlar “samaraliroq, ekologik bezarar va qulayroq” transport vositalarini tanlaydi.
McKinsey konsalting kompaniyasi ilmiy hisoboti orqali mazkur prognozni jamoatchilikka taqdim etdi.
Ayni paytda eng talab yuqori bo‘lgan transport vositasi shaxsiy avtomobillardir. Biroq ekspertlarning fikriga ko‘ra, shaxsiy avtomobillar tomonidan amalga oshiriladigan yuk tashish ulushi 2022 yildagi 45 foizdan 2035 yilga kelib 29 foizga kamayadi.
2020 yilda atmosferaga chiqarilayotgan zararli tashlanmalarning 20 foizi transport sektoriga, eng ko‘p miqdori esa shaxsiy avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 150 ta shahri ekologik transport turlarini targ‘ib qilish bo‘yicha choralar ko‘rdi.
“Bundan tashqari, jamoat transporti, skuterlar, elektron velosipedlar va mini-avtomobillar avtomashina sotib olishga imkoniyatning yetmasligidan emas, balki odamlar uni afzal ko‘rgani uchun ommaviy transport turiga aylanishi mumkin”, deyiladi hisobotda.
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 1,3 milliard avtomobildan foydalanilmoqda, ularning aksariyati shaxsiy mulk hisoblanadi.
“Shaxsiy avtomashinalar tirbandlikni keltirib chiqaradi, chunki ular odatda jamoat transportiga qaraganda kamroq yo‘lovchi tashiydi. Biroq hozirda jamoat transportiga talabning oshgani bilan bog‘liq tendensiya kuzatilmoqda”, deyiladi hisobotda.
“Odamlar, jumladan, haydovchilar uchun tirbandlikda rulda bir soat o‘tirgandan ko‘ra metroda sayr qilish yoqimliroq. Bundan tashqari, mobil transportga o‘tgan respondentlarning 46 foizi uning samaradorligiga ishonch hosil qilishgan. Shuningdek, respondentlarning 16 foizi transportdan foydalanish bilan bog‘liq odatlariga o‘zgartirish kiritish niyatida”, deyiladi hisobotda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, avtomobillarning ko‘pligi haydovchilar uchun sayohatning eng yoqimsiz qismi bo‘lgan tirbandlikni keltirib chiqaradi, deb xabar beradi tengrinews.kz.