Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari fuqaroning shoshma-shosharlik bilan yozgan murojaati asosida hech qanday hujjatlarsiz tekshiruv o‘tkazgani aniqlandi.
Qonunlarni yaxshi bilmaslik, tadbirkorlik faoliyati tartib-taomillarini yetarli tushunmaslik ba’zan kishini og‘ir ahvolga solib qo‘yadi. Buni N. G‘afforov faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
Gap shundaki, Nodirxo‘ja G‘afforov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mustaqil holda tadbirkorlik faoliyatiga qo‘l urganida tushunmovchiliklar oldida kalovlanib qoldi. Tekshiruvchilarga o‘zining haq ekanligini isbotlashga kuchi, bilimi yetmadi. Oqibatda esa, dastlabki tergov organi N. G‘afforovni Jinoyat kodeksining 188-moddasi va 189-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga oid jinoyat ishini sudga o‘tkazdi.
Jinoyat ishi birinchi bosqich sudining ochiq sud majlisida batafsil o‘rganib chiqildi. Natijada sud N. G‘afforov tomonidan jinoiy qilmish sodir etilmagan degan qonuniy va adolatli to‘xtamga keldi. Oqlov hukmi o‘qilib, yosh tadbirkor nohaq badnom etilishdan saqlab qolindi.
Shu o‘rinda voqea tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, N. G‘afforovning qarindoshi Shomurod Shohakimov ta’sischi sifatida "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etgani haqida so‘z yuritish lozim. Kir yuvish kukunlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatiga uning o‘zi direktorlik qiladi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatiga SH. Shohakimovdan so‘ng bir muddat S. Inog‘omova rahbar bo‘lib ishlaydi. Ammo xom-ashyo taqchilligi tufayli keyinchalik mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati susayadi va 2014 yil avgust oyida iqtisodiy ahvoli og‘irlashadi. Korxonaning bankdagi hisob raqamida mablag‘i bo‘lmagani sababli foydalanilayotgan bino uchun ijara haqini to‘lolmaydi.
Qisqasi, mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yuritish imkoniyati qolmagan bir pallada yillik hisobotlarni topshirish zaruriyati yuzaga kelgach, ta’sischilar N. G‘afforovni rahbar lavozimiga qo‘yadilar.
N. G‘afforov 2014 yilning 14 dekabridan 2015 yilning fevral oyiga qadar mansab lavozimida faoliyat yuritgan paytda MCHJda moliyaviy operasiyalar amalga oshirilmagan. Aksincha, uning ishi batamom to‘xtatilib, mavjud soliq, ijara to‘lovlari uchun qarzdorlikni to‘lash "Kartoteka-2" ro‘yxatiga o‘tkazilgan.
N. G‘afforov 2014 yil uchun hisobotlarni topshirishda jiddiy xatoga yo‘l qo‘yadi. Xato shundan iborat ediki, yollanma hisobchilar tomonidan tuzilgan, aslida bo‘lmagan 139 million 952 ming 300 so‘mlik xomashyo zahirasini jamiyat balansida mavjudligi haqidagi yillik hisobotni imzolaydi va elektron tarzda Olmazor tuman Davlat soliq inspeksiyasiga yuboradi.
So‘ngra ta’sischilarning 2015 yil 26 iyundagi 6-sonli yig‘ilish bayonnomasiga asosan Toshkent shahar Olmazor tuman tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasiga rasmiy xat bilan murojaat qilingan. Shu bo‘yicha jamiyat faoliyati ixtiyoriy ravishda tugatilgan. Bu haqda tuman tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasi, tuman Davlat soliq inspeksiyasi va Statistika boshqarmasi tomonidan "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati tugatilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan va davlat reestriga kiritilgan.
Ayni chog‘da, N. G‘afforov 2015 yilning 25 fevralida tanishi SH. Islomov bilan "Aquarius Group trade" mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etib, uni tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. Yangi jamiyatning asosiy faoliyati ham kir yuvish vositalari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgandi.
N. G‘afforov bilan SH. Islomov yangi tashkil etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida sex uchun ijaraga joy qidirishadi. Ular Qibray tumanida joylashgan o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti binosi yerto‘lasi bo‘sh ekanligidan xabar topishadi. Institut rahbarlariga uchrashganlarida davlat mulkini ijaraga berish markazi xodimlari bilan ijara shartlarini kelishib olish kerakligini aytishadi.
Ijaraga berish markazidagilar N. G‘afforovning murojaatidan so‘ng o‘zlarining xodimi A. Akbarovni bu yerga yuboradi. Mutaxassis yerto‘lani ko‘zdan kechirib, ijara haqi bir yil uchun har kvadrat metrga 6 ming 975 so‘m qilib belgilanganini aytadi hamda institut bilan jamiyatning ijaraga tegishli barcha hujjatlarini to‘plab, yerto‘lani ta’mirdan chiqarib, fotosuratlari bilan davlat mulkini ijaraga berish markaziga taqdim etishni tayinlaydi.
N. G‘afforov sherigi SH. Islomov va tanishi Z. Nig‘matullayev bilan ikki kun davomida yerto‘lani tozalab, ta’mirlashga tayyor holatga keltiradi.
N. G‘afforov tanishi Jasur Aytbekovga iltimos qilib, uning "Damas" avtomashinasida "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati belgisi ostida ishlab chiqarilgan, muqaddam o‘ziga ish haqi hisobidan berilgan kir yuvish kukunlari, tozalash mahsuloti va qadoq paketlarini olib keladi.
Sexda ishlatiladigan anjomlarni ham bir yo‘la yerto‘laga keltirishgandi.
Baxtga qarshi, 2015 yilning 11 avgustida Qibray tuman SVOJJLDLQK Departamenti hamda Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti yerto‘lasida tekshiruvi o‘tkaziladi. Bunga fuqaro YU. Mirzayevning haqiqiy holatni chuqur o‘rganmasdan, shoshma-shosharlik bilan yozgan murojaati asos bo‘lgandi.
Tekshiruvchilar tekshiruv o‘tkazishga doir hech qanday hujjat taqdim qilishmaydi. N. G‘afforov yangi tashkil etilgan "Aquarius Group trade" mas’uliyati cheklangan jamiyati hujjatlarini ularga ko‘rsatib, yerto‘lani ijaraga olish niyatida bu yerni ta’mirlayotganini aytadi, albatta. Shunda tekshiruvchilar "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati belgisi ostida ishlab chiqarilgan, bu yerda turgan ikki xil turdagi 1 ming 843 dona kir yuvish kukunlari hamda kir yuvish vositasini qadoqlash uchun mo‘ljallangan 7 ming 100 dona polietilen paketlarni ko‘rib, shu yerda ishlab chiqarilgan, degan fikrga borishadi.
Go‘yoki ular yashirin sex tashkil etgani, kir yuvish kukunlarini qadoqlab, sotish bilan shug‘ullangani haqida hujjatlar tuzishadi. Bosim va ruhiy tazyiq ostida N. G‘afforovdan ikki kundan buyon kir yuvish kukunlarini qadoqlash bilan shug‘ullanayotgani haqida tushuntirish xati olishadi. Bu yetmaganidek, jami 5 million 567 ming 630 so‘mlik tovar-moddiy boyliklarni ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib, 469-sonli yuk xati bilan "Gulnoza Baraka" mas’uliyati cheklangan jamiyati omboriga topshiradilar.
Yodingizda bo‘lsa, yuqorida N. G‘afforov 2014 yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobotlarda 139 million 952 ming 300 so‘mlik xomashyo zahirasi mavjudligini ko‘rsatib, Olmazor tuman Davlat soliq inspeksiyasiga hisobot topshirgani haqida aytgandik. Tekshiruvchilar esa, N. G‘afforovning go‘yoki noqonuniy faoliyati ortidan 2015 yilning I va II choraklarida mavjud 139 million 952 ming 300 so‘mlik xomashyo zahirasiga 51,58 foiz, ya’ni 72 million 187 ming 400 so‘m ustama qo‘yib, yashirin sexda ishlab chiqarilgan 214 million 755 ming 300 so‘mlik tayyor mahsulotlar sotilgan, savdodan tushgan juda ko‘p miqdordagi savdo pullari hisobotlarda ko‘rsatilmasdan yashirilgan, bank muassasasiga topshirilmagan, degan asossiz xulosaga keladi.
Sud majlisida aniqlanishicha, yerto‘lada kir yuvish kukuni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan jihozlar, ya’ni xomashyo, uni aralashtirishga mo‘ljallangan maxsus idish, tayyor mahsulotni ma’lum o‘lchamda qadoqlash uchun o‘lchov asboblari — tarozi, o‘lchov idishi, mahsulotni qadoqqa solgandan so‘ng uni yopishga mo‘ljallangan dazmol yoki ushbu uskunalarning qo‘lbola usulda tayyorlangan analoglari yo‘q ekaniga tekshiruvchilar e’tibor berishmagan.
Vaholanki, N. G‘afforov dastlabki tergov va suddagi ko‘rsatmalarida tekshiruvda aniqlangan kir yuvish vositalari va qadoqlarni ilgari ishlagan joyi — "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan mablag‘ bo‘lmagani sababli ish haqi evaziga natura shaklida olganini, so‘ngra yangi tashkil qilingan mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yo‘lga qo‘ygach, ushbu mahsulotlarni yangi ishlab chiqarilgan mahsulotga aralashtirib, sotib yuborish va shu tariqa pullarini chiqarib olish niyatida bo‘lganini bildirgan.
Fuqaro YU. Mirzayevning arizasida N. G‘afforov tomonidan yashirin sex tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatib kelayotgani haqida aniq ma’lumot keltirilgan bo‘lsa-da, tezkor ma’lumotni tekshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan nazorat xaridi prosessual harakati o‘tkazilmagan. Sud huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlarining mahsulotlar yerto‘laga tayyor, qadoqlangan holda keltirilgani, mavjud uskunalarsiz mahsulotni o‘lchash, qadoqlash imkoniyati mavjud emasligi, yerto‘lada "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati savdo belgisi ostida kir yuvish vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan ishlab chiqarish va sotish faoliyati bilan shug‘ullanganligi haqidagi xulosasi bilan kelishib bo‘lmaydi, degan aniq to‘xtamga keldi.
Masalaning e’tiborli jihati, N. G‘afforov aslida tovar-moddiy boyliklarni qabul qilib olmagan. U ishlagan davrda mas’uliyati cheklangan jamiyati og‘ir iqtisodiy ahvolda bo‘lgan. Jamiyatning hisob raqamida mablag‘ bo‘lmagani sababli soliq va ijara to‘lovlaridan qarzdorlik kelib chiqqan. Bordi-yu jamiyat zahirasida yillik hisobotda xato ko‘rsatilgan xomashyo bo‘lganida tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sotish orqali mavjud qarzdorliklar qoplab yuborilgan va korxona faoliyati tugatilmagan bo‘lardi.
Jinoyat kodeksining 463-moddasiga ko‘ra, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi mumkin.
Ishonchli dalillar xususida to‘xtalayotganimizning boisi bor. Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi N. G‘afforov savdodan tushgan 214 million 755 ming 300 so‘mlik juda ko‘p miqdordagi savdo pullarini hisobotlarda ko‘rsatmasdan yashirib, bank muassasasiga topshirmasdan, savdo qoidalarini buzganlikda ayblangan.
Biroq tergov organi tomonidan 139 million 952 ming 300 so‘mlik xomashyo zahirasidan aynan 214 million 755 ming 300 so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarilishi haqidagi xulosasi asoslantirilmagan. Agar shuncha miqdordagi mahsulot ishlab chiqarilgan hamda realizasiya qilinganda ishlab chiqarish bilan bog‘liq ish haqi, elektr energiyasi, amortizasion sarflar, soliqlar, bank xizmat haqi va boshqa xarajatlar chegirib tashlanganda, aynan sudlanuvchi N. G‘afforovning sof daromadi miqdori qancha bo‘lishi aniqlanmagan.
Sud majlisida guvoh tariqasida so‘roq qilingan "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati sobiq bosh hisobchisi A. Boboyeva, direktor lavozimida ishlagan S. Inog‘omova, mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi SH. Shohakimovning N. G‘afforov jamiyat direktori lavozimiga ishga qabul qilingani, keyinchalik yo‘l qo‘yilgan xato tufayli jamiyat yillik hisobotlarida 139 million 952 ming 300 so‘mlik zaxira xomashyo mavjudligi haqida ma’lumot kiritilgani, ammo ushbu xomashyo aslida bo‘lmagani, agar bo‘lgan taqdirda, korxona o‘z faoliyatini davom ettirishi haqidagi ko‘rsatmalari jinoyat ishidagi qarama-qarshiliklarga oydinlik kiritdi.
Yana shuni aytish kerakki, "Ipak yo‘li" bankining Sag‘bon filialidan olingan aylanma mablag‘lar haqidagi ma’lumotnomada "Aquarius Group" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan oxirgi marta 2014 yil 22 avgust kuni "Merit kimyo invest" mas’uliyati cheklangan jamiyati hisob raqamiga kalsiylashtirilgan soda mahsuloti uchun 1 million 500 ming so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgani ma’lum qilingan. Korxonaning qolgan barcha mavjud mablag‘lari soliq, ijara to‘lovlari, oylik ish haqi, elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorlik va bank xizmati ko‘rsatish to‘lovlarini qoplash uchun o‘tkazilgan. Bu holat sudlanuvchi N. G‘afforovning jamiyat balansida 139 million 952 ming 300 so‘mlik xomashyo zaxirasi mavjud bo‘lmaganligi haqidagi ko‘rsatmalarini to‘liq tasdiqlaydi.
Sud yuqoridagi dalillarga tayanib, sudlanuvchi N. G‘afforov Jinoyat kodeksining 188-moddasi va 189-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik holati sud majlisida o‘z tasdig‘ini topmadi, deb hisobladi.
Shunga ko‘ra, sud Jinoyat prosessual kodeksining 23-moddasi talabidan kelib chiqib, barcha shubha va noaniqliklarni sudlanuvchining foydasiga hal qilishni lozim topdi.
Qonunlarimizning bag‘rikenglik, insonparvarlik tamoyillari ruhi bilan sug‘orilganligi shundaki, Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasi 1-bandi talabiga muvofiq, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo‘lsa, sudlanuvchi aybsiz, deb topilishi va reabilitasiya etilishi lozim. Sud sudlanuvchi N. G‘afforovga nisbatan e’lon qilingan ayblov doirasida jinoiy hodisa yuz bermagan, degan qat’iy qarorga keldi.
“UzNews.uz”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi raisi o‘rinbosari
Yusuf Ilhomovning bildirishicha, sudlanuvchiga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini qonunda nazarda tutilgan tartibda bartaraf qilish huquqi tushuntirildi.
Xulosa qilib aytganda, yuz bermagan jinoiy hodisa sudda sinchkovlik bilan, har taraflama chuqur o‘rganilib, qonun ustuvorligi, adolatning barqarorligi ta’minlandi. Aybsiz aybdor sudning hukmi bilan oqlandi.
Bugungi kunda sudlar asosiy e’tiborni fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalda kafolatli himoya qilish orqali ularning ishonchini mustahkamlashga, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati, tuman-shahar sudlarining joriy yilning o‘tgan davridagi faoliyati natijalari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Xususan, joriy yilning birinchi choragida viloyat sudining kassasiya bosqichida uch nafar shaxs Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlandi va ularga nisbatan jinoyat ishi tugatildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman-shahar sudlari tomonidan esa, o‘n nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi.
Sudlar tomonidan korxona, tashkilot, o‘quv muassasalari va mahallalarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar hamda sayyor sud majlislari ham turli huquqbuzarliklar va jinoyatlarni bartaraf etish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Masalan, viloyat bo‘yicha umumiy sudlanganlar soni joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 385 nafarga yoki 20,4 foiz kamaydi.
Birinchi bosqich sudlarida shu davrda ko‘rilgan ishlarning 664 tasi yoki 43,7 foizi sayyor sud majlislarida muhokama qilindi. Bu o‘tgan yilning ayni davriga nisbatan sayyor sud majlislari 33,2 foiz ko‘payganini ko‘rsatadi.
Joriy yilning o‘tgan davrida mahalla fuqarolar yig‘ini kafilligi asosida 18 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan bo‘lsa, 28 nafar shaxsga nisbatan sudlar tomonidan yengilroq turdagi jazo tayinlandi. Yoshlar tashkiloti kafilligi asosida esa, 23 nafar shaxs sud zalidan ozodlikka chiqarilib, oilasi bag‘riga qaytdi. Shuningdek, 16 nafar shaxsga nisbatan sudlar tomonidan yengilroq turdagi jazo qo‘llanildi.
Shu o‘rinda misollarga murojaat qilishdan oldin bu hayotda mustaqil faoliyat yuritishga kirishgan har bir kishiga yetarli bilim, tajriba va malaka suv bilan havodek zarur ekanini ta’kidlashni istardik.