Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Sirdaryoda ayovsiz kaltaklangan tibbiyot xodimlari: SSV Bosh prokurorga murojaat qildi

Sirdaryoda ayovsiz kaltaklangan tibbiyot xodimlari: SSV Bosh prokurorga murojaat qildi

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sharoitida barcha soha qatori sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari ham o‘z burchiga vijdonan yondashib, zimmasiga yuklatilgan barcha vazifalarni sidqidildan bajarib kelayotganligini hammamiz ko‘rib turibmiz.

Ayniqsa, fidoyi va zahmatkash shifokorlarimiz  koronavirusga qarshi hayot-mamot kurashida qat’iy va sobit turib, qahramonlarcha amalga oshirayotgan ishlari o‘z samarasini bermoqda.

Biroq, ana shunday qiyin vaziyatda ham ba’zi bir fuqarolarimiz tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor harakatlar sodir etishayotgani juda achinarli va buni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydigan holatdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilinganidek,  joriy yil 4 iyun kuni soat 00:14da Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani “G‘alaba” mahallasida yashovchi fuqaro A.B. tomonidan “oyoqda jarohat” shikoyati bilan tez tibbiy yordam shaxobchasiga chaqiriq bo‘ladi. Tez tibbiy yordam shaxobchasi jamoasi “tez yordam” mashinasida 7 daqiqa ichida, ya’ni soat 00:21da chaqiriq bo‘yicha manzilga yetib kelgan.

Lekin tibbiyot xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun mashinadan tushishlari bilan shu yerda bo‘lgan bir guruh mast holdagi kishilar tomonidan hech qanday sababsiz shifokor va feldsherga tashlanib, ularni ayovsiz kaltaklashgan.

Natijada, 28 yoshli shifokor J.O. “Bosh miya chayqalishi, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, o‘ng qovoq sohasi gematomasi, ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” tashxisi bilan, 44 yoshli feldsher V.N. esa “Bosh miya chayqalishi, yuz sohasi, chakka sohalari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, o‘ng qo‘l kaft suyagi asosidan yopiq sinish” tashxisi bilan Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga murojaat yo‘lladi. Unda yuqorida qayd etilgan holatni nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta’minlashda amaliy yordam so‘raldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

 

Kiritildi: 12:54 05.06.2020. O'qildi: 3148 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!