Bugun 5 oktyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Suriya prezidenti maslahatchisi avtohalokat oqibatida vafot etdi

Suriya prezidenti maslahatchisi avtohalokat oqibatida vafot etdi

Suriya prezidenti Bashar Asadning matbuot bo‘yicha maslahatchisi Luna al-Shibl 5 iyul kuni avtohalokat oqibatida vafot etgan. Bu haqda Suriya prezidenti idorasi bergan bayonotga asoslanib, Al Arabiya nashri xabar berdi.

Maslahatchining o‘limini Damashqdagi yana bir qancha hukumat manbalari tasdiqlagan. Halokat poytaxt atrofida yuz berib, hukumat vakilining og‘ir jarohat olishi va keyinroq kasalxonada vafot etishi bilan yakun topgan.

“Suriya Arab Respublikasi prezidenti og‘ir avtohalokat oqibatida bugun olamdan o‘tgan maslahatchi Luna al-Shiblning vafoti munosabati bilan hamdardligini e’lon qiladi”, deyiladi prezident idorasi xabarida.

Manbada aytilishicha, Luna al-Shibl so‘nggi yillarda prezidentning siyosiy va ommaviy axborot vositalari bo‘limi direktori, keyin esa prezidentning maxsus maslahatchisi bo‘lib ishlagan. U hukumatga nihoyatda yaqin shaxs bo‘lib, prezident nomidan vazifaga kirishish vakolatiga ega bo‘lgan.

Maslahatchi jasadini tekshirgan shifokorlar uning miyaga qon ketishi oqibatida vafot etganini aniqlagan. U katta tezlikda harakatlanib, yo‘ldan chiqib ketgan va kuchli zarb oqibatida boshidan jarohatlangan.

48 yoshli sobiq maslahatchi o‘z faoliyatini Al Jazeera nashrida jurnalist sifatida boshlagan. 2011 yilda Suriyada fuqarolar urushi boshlangach, Luna al-Shibl prezidentning OAV bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan. Keskin harbiy va siyosiy vaziyatda prezident idorasi nomidan e’lon qilgan o‘tkir bayonotlari bilan mamlakat aholisi orasida tanilgan.

Keyinchalik uning roli media doirasidan tashqarida ham kengayib, Bashar Asadning yaqin doiralari ichida o‘z o‘rnini egalladi. Suriyadagi yuqori darajadagi uchrashuvlarda va prezidentning xorijga kamdan-kam tashriflarida hamrohlik qilgan.

Yaqin Sharqdagi bir qator manbalar Luna al-Shibl o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini xabar bergan. Chunki so‘nggi yillarda Bashar Asad idorasi ichida unga nisbatan e’tirozlar kuchaygan. Qator siyosiy arboblar uni Suriyadagi muxolif guruhlar bilan aloqa o‘rnatishda ayblagan.

Kiritildi: 10:24 06.07.2024. O'qildi: 1060 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!