Sudan Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda vabo bilan kasallanganlarning umumiy soni 48 ming 598 kishiga yetganini ma’lum qildi.
Bu haqda xorij matbuotiga tayanib, “Report” xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vabo epidemiyasi tufayli hayotdan ko‘z yumganlar soni 1258 nafarga yetgan.
Sudanda iyun oyida boshlangan yomg‘ir va toshqinlar vaboning tezroq tarqalishiga olib keldi. 12 avgust kuni mamlakat hukumati vaboni epidemiya deb e’lon qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi avvalroq 3,4 million sudanlik bola vabo kasalligiga chalinish xavfi borligini aytgan edi.
5 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Sudanga vaboga qarshi 1,4 million doza vaksina yubordi.
Urush davom etayotgan va sog‘liqni saqlash tizimi samarali ishlamagan Sudanda epidemik kasalliklarning tarqalishi odamlar hayotini yanada qiyinlashtirmoqda.