Bugun 26 may, 2020 yil, seshanba

КИР

Stalinning “shamchirog‘i” to‘g‘ri yo‘lga boshlaganmidi?

Stalinning “shamchirog‘i” to‘g‘ri yo‘lga boshlaganmidi?
Yaqingacha har qanday kitob, nashr (ayniqsa, kirish qismi) “aytganlaridek“, “ta’kidlaganlaridek“ degan iboralar bilan boshlanar edi. O‘sha vaqtda buni hech kim e’tiborga olmagan, xuddi asli shunday bo‘lishi kerakdek qabul qilardi. Tadqiqot qaysi yo‘nalishda olib borilgan bo‘lsa, albatta bitta “dono fikr” bilan boshlanishi kerak va ish go‘yo o‘sha fikrni isbotlashga qaratilgandek ko‘rinardi.

To‘g‘ri, Sharq mamlakatlarida saroyga yaqin mulozimlar hukmdorni maqtovlarga ko‘mib, “yaxshisini oshirib yomonini yashirib” kitoblar bitgan. Lekin bu har bir hukmdor yoki sulola uchun ko‘pi bilan bir-ikki tarixchidan oshmagan.

Biz esa keyingi 80 yil davomida ommaviy ravishda goh u siyosatchini, goh bunisini alqab, dono fikrlarini keltirib ilmiy adabiyotlar nashr etdik, maqolalar yozdik, dissertasiyalar himoya qildik. Oqibatda odamlar ongida tarix o‘zgaruvchan, hamma o‘ziga moslab talqin qilsa bo‘ladigan fandek ko‘rina boshladi, hatto qoida kabi odamlar ongida o‘rnashdi. Aslida fan cheksiz va u har qanday dono fikrni inkor etishi mumkin.

“Xo‘sh buning nimasi yomon?“ deguvchilar ham topiladi.

Gap shundaki 1937 yilda I.Stalinning “VKP(b) ning qisqacha siyosiy tarixi” risolasi nashr etildi. Bu “qisqacha” broshyuracha sovet davlati yashagan butun davrda tarixiy tafakkurni yo‘naltirib boruvchi “shamchiroq“ vazifasini o‘tadi. Ya’ni tarixga sinfiy nuqtai nazardan yondashish, har qanday tadqiqot oxir-oqibat kommunistik mafkuraning naqadar “haqqoniy” ekanligini isbotlashga qaratilishi lozimligi uqtirildi. 
 
Shundan boshlab barcha nashrlarda ulug‘ dohiy V.I.Lenin va biri ikkinchisini inkor qiluvchi partiya s’ezdlaridan iqtibos keltirila boshlandi. Xullas “broshyuracha“ o‘zining missiyasini ortig‘i bilan o‘tadiki, tadqiqotchilar tugul, oddiy o‘quvchi ham tarixiy adabiyotning shu joyini o‘qimay tashlab ketadigan yoki ijirg‘anib otib yuboradigan bo‘ldi.

Keyingi vaqtlarda tarixiy adabiyotlar, ilmiy tadqiqot ishlari bunday holatlardan xoli tarzda nashr etilayotgani quvonarli, albatta. To‘g‘ri-da, agar yuqoridagi holat davom etadigan bo‘lsa, tarix siyosatga xizmat qiladigan bo‘lsa, bizning jamiyat sobiq yakkapartiyali tuzum sarqitlaridan butunlay xalos bo‘la olmaydi.
 
Maxmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi
Manba: O‘zA

 

Kiritildi: 19:30 23.05.2020. O'qildi: 1866 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel
Siz o‘zingizni kuchli shifokor deb o‘ylaysizmi yoki shifokorlik sirlarini bilmoqchimisiz?
http://milliytibbiyot.uz/uz

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!