Bugun 20 may, 2024 yil, dushanba

КИР

SSV, nihoyat, G‘uzorda kasallikdan vafot etgan bolalar haqida ma’lumot berdi. Tashxis ham aytildi

SSV, nihoyat, G‘uzorda kasallikdan vafot etgan bolalar haqida ma’lumot berdi. Tashxis ham aytildi

G‘uzor tumanida “noma’lum” kasallikka chalinib, vafot etgani aytilgan ikki nafar bola va ularning yaqinlari holatini o‘rganish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilgan malakali mutaxassislardan iborat tibbiy guruh ish olib bormoqda. Ularning dastlabki xulosalari bo‘yicha vazirlik quyidagilarni ma’lum qildi.

"2019 yilda tug‘ilgan A.N. (o‘g‘il bola) 2022 yil 20 iyun kuni soat 9:40 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi bolalar reanimasiyasi bo‘limiga o‘limoldi holatida olib kelingan. Bolaga “Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Gipertermik va talvasa sindromi. Asorati: toksik ensefalopatiya. Bosh miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi. DVS sindromi. Karaxtlik 2-darajasi” tashxisi qo‘yilgan. Ko‘rsatilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan, shifoxonaga olib kelinganidan 1 soatu 10 daqiqa o‘tib, bolada biologik o‘lim qayd etilgan.

Shu yilning 22 iyun kuni soat 23:05 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga 2016 yilda tug‘ilgan A.G. (qiz bola) ham o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan. U 20 iyun kuni vafot etgan A.N.ning yaqin qarindoshi bo‘lgan. Bu bemorga “Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Virusli intensial sindrom. Toksiko infeksion shok. DVS sindromi. Gemolitik uremik sindrom. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi. Anuriya bosqichi. Toksik ensefalopatiya. Miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yilgan. Bemorni davolash uchun bolalar reanimatologi, bolalar nevropatologi, gematolog, nefrolog, toksikolog va infeksionist mutaxassislar jalb qilingan. Biroq ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor 2022 yil 24 iyun soat 04:00 lar atrofida vafot etgan.

Vafot etgan A.N. va A.G. bir darvozadan kiriladigan ikki hovlida yashagan. Bolalar birga o‘ynagan, ba’zan birga ovqatlangan. Ular bilan kontaktda bo‘lgan 9 kishi profilaktika maqsadida izolyasiyaga olinib, ehtiyot chorasi sifatida o‘ta xavfli infeksion kasalliklarga laborator tahlillar o‘tkazilgan.

Natijada, ayni paytda 2018 yilda tug‘ilgan A.A.da gemorragik isitma gumon qilinmoqda. Shu bois uning qon tahlillarini yakuniy tekshirish va xulosa berish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasiga yuborilgan. Bu jarayon esa ma’lum vaqt talab qiladi.

Ma’lumot uchun, gemorragik isitma, asosan, mayda kemiruvchilardan, hasharot(kana)lardan odamga turli yo‘llar bilan yuqadi.

Ehtiyot chorasi sifatida zarur epidemiologik tadbirlar boshlangan. Bemorlar yashagan xonadonda profilaktik dezinfeksiyalash ishlari o‘tkazilgan. Uydagi ichimlik saqlanadigan hovuzdan laborator tekshiruv uchun namuna olingan.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan turli asossiz va tekshirilmagan xabarlar tarqatmaslikni, odamlarning og‘ir kunidan foydalanib, shov-shuv ko‘tarmaslikni, eng muhimi, ushbu holatdan mamlakatda sun’iy epidemiologik xavf yaratish maqsadida foydalanmaslikni so‘raydi".

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

Kiritildi: 15:59 25.06.2022. O'qildi: 8455 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!