Bugun 10 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Sport: Yarim yillikdagi erishilgan yutuqlar salmog‘i qanday?

A A A
Sport: Yarim yillikdagi erishilgan yutuqlar salmog‘i qanday?

2023 yilning olti oyi ortda qoldi. Mamlakatimizdagi ko‘plab sohalarda yarim yillik sarhisoblar qilinmoqda. Yilning qolgan davri uchun ishlab chiqilgan rejalar ijrosi tahlil etilmoqda.

Xo‘sh, ortda qolgan olti oylikda O‘zbekiston sportchilarining xalqaro musobaqalardagi ishtiroki qanday bo‘ldi? Medallar salmog‘i qay ko‘rinishni oldi? Parij-2024 Olimpiadasining reyting ballarini jamg‘arish holati qay holatda? Keyingi yarim yillik rejalar nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi Olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Rashid Matkarimov bilan kechgan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

O‘tayotgan yil yurtimiz sportchilari uchun har jihatdan sermahsul kechdi, deyishga barcha asoslar yetarli. Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanilmoqda. Jahon va qit’a chempionatlarida, xalqaro turnirlarda terma jamoalarimiz a’zolari yuqori natijalarga erishdi. Bu borada futbol, boks, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika, kurash, qilichbozlik, gimnastika sport turlari, yengil atletika kabi yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlar yuqoriligi bilan ajralib turdi. Ayniqsa, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimizning qit’a chempionligiga erishishi, 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz esa jahon chempionati yo‘llanmasi sohibi bo‘lganligi, Toshkentda boks bo‘yicha jahon chempionatining yuqori darajada o‘tkazilishi, taekvondochilarimizning jahon chempionati va Gran pri turnirlarida muvaffaqiyatli qatnashganligi, dzyudochilarimizning 17 nafari, og‘ir atletikachilarimizning 16 nafari hozirdanoq Parij-2024 Olimpiadasining reyting ochkolariga egaligi, parasportchilarimizning bir necha nafari 2024 yilgi Paralimpiada o‘yinlari yo‘llanmalarini qo‘lga kiritganligi o‘tgan olti oylikda erishilgan marralar sifatida yodda qolmoqda.

-Ortda qolgan 6 oylikda sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritgan medallari soni qanchani tashkil etdi?

- Bugungacha o‘tkazilgan xalqaro turnir va chempionatlarda O‘zbekiston sportchilari 247 ta oltin, 119 ta kumush va 110 ta bronza medallariga ega chiqdi. Aytish lozim, erishilgan har bir muvaffaqiyat ortida xalqimizning g‘urur-iftixori mujassam. Yutuqqa o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Bunda moddiy va ma’naviy qo‘llov bilan murabbiy-mutaxassislarning betinim mehnati, sportchilarimizning shijoati, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borishdagi texnik-taktik tahlili, maqsadga erishish yo‘nalishlarini to‘g‘ri baholash mezonlari mujassam. Shu ma’noda, yarim yillikda sportchilarimiz sazovor bo‘lgan 500 taga yaqin medallar shodasi xalqimiz, davlatimiz erishayotgan yangi g‘alabalarning xalqaro maydondagi yorqin ifodasidir.

-Keyingi olti oylikda yurtimiz sportchilarini yana qanday nufuzli musobaqalar kutib turibdi?

-Alohida sport turlari bo‘yicha bir nechta jahon va qit’a chempionatlari sportchilarimizni kutib turibdi. Kompleks musobaqalardan Xitoyda talabalarning Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlari, Belarusda II-MDH davlatlari o‘yinlari, Xitoyda kechadigan XIX yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari va jang san’atlari bo‘yicha yopiq inshootlardagi VI Osiyo o‘yinlari yilning eng muhim sport tadbirlari hisoblanadi. Ushbu sport tadbirlarida munosib ishtirok etish borasida “yo‘l xaratalari” ishlab chiqilgan bo‘lib keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘nalishida ham bir qator tadbirlar rejalashtirilgan. Ularda nafaqat ishtirok etish, balki mamlakatimiz sporti rivojiga xizmat qiladigan masalalarni ilgari surish asosiy vazifalarimizdan biri sanaladi.

Kiritildi: 17:04 24.08.2023. O'qildi: 3218 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!