Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi “Nur” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida, ochiq sayyor sud majlisida, tuman sudining raisi M.Kayumovning raisligida firibgarlik jinoyatini sodir etgan R.M.ga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Voqea quyidagicha sodir bo‘lgan. R.M xavfli residivist bo‘la turib, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2019 yil 14 avgust kunidagi hukmi bilan sudlangan jinoiy sheriklari Mirzo Ulug‘bek tuman ETK elektromontyorlari X.S. va M.M. bilan oldindan til biriktirib,2019 yil 13 fevral kuni aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, fuqaro Ye.M yashab kelayotgan Mirzo Ulug‘bek tumani Oqqo‘rg‘on ko‘chasi, 21-uy, 53-xonadonga borishib, o‘zlarini Mirzo Ulug‘bek tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari deb tanishtirib, xonadon oshxonasidan elektr hisobga olish priboridan tashqari bir dona qo‘shimcha rezetka topishib, uni aldab 500 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘larini olishib, olingan pul mablag‘larini o‘zaro teng taqsimlab o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishgan.
Sud R.M. ning harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga oylik ish haqining 15 (o‘n besh) foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 (uch) yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlab, Jinoyat Kodeksining 60,61-moddalari tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tuman sudining 2018 yil 10 dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 (uch) yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Muxammad Kayumov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi