Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Siyratni o‘rganishning to‘qqiz foydasi

Siyratni o‘rganishning to‘qqiz foydasi

Siyrat kitoblarini o‘qishga kirishgan har bir inson avvalo siyratning qadrini va ko‘p foydalari bor ekanini bilmog‘i lozim. Hozir biz sizlarning e’tiboringizga ulardan muhimlarini keltirib o‘tamiz.

1. Qur’onni tushunishda yordam beradi
Siyratni o‘rganishning foydalaridan biri: Qur’onni tushunishga yordam berishidir. Qur’on bo‘lak – bo‘lak holatda, biror hodisa orqasidan yoki biror mushkul ishni bayon qilish uchun nozil bo‘lgan.

Masalan: Qur’oni Karimda Badr, Uhud, Ahzob, Tabuk g‘azotlari haqida oyatlar nozil bo‘lgan. Siyratni o‘qib o‘rganish ushbu oyatlarning tafsirini tushunishda yordam beradi.

2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tushunishda yordam beradi
Siyrat voqealaridan bir hodisa hadis kitoblarida juda qisqa holatda keltirilgan bo‘lishi, muhaddislar butun boshli g‘azotdan bir yoki ikki o‘rinni keltirish bilan kifoyalanishlari mumkin. Bunday holat o‘quvchini siyrat kitoblarini o‘qishga, bu voqeani qanday bo‘lgani, uni qaysi vaqtda bo‘lgani va qanday holatda bo‘lganini bilishga undaydi.

3. Islom aqidasini tushunishga yordam beradi
Siyrat fanini o‘rganish foydalaridan yana biri – bu islom aqidasini tushunishga yordam berishidir. Chunki siyratni o‘rgangan inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning islom aqidasini qanday uslubda yetkazganlarini ko‘radi. Islom dinini yetkazishda boshlaridan o‘tkazgan imtihonlarni faqatgina siyratni o‘rganish orqali bilish mumkin. Masalan: Makka davrida mushriklar keltirgan turli shubhali savollarga go‘zal va chiroyli tarzda javob berganlar. Bu davrda nozil bo‘lgan oyatlar o‘limdan so‘ng qayta tirilish qanday bo‘lishini va jannat, do‘zax, vahiy, payg‘ambarlik kabi islom aqidasiga tegishli bo‘lgan narsalarni tushunishga yordam beradi.

Siyrati Nabaviy Islom dinining aqidaviy darslarini o‘rgatishda Qur’oni Karim va hadisi sharifdan  keyingi manba desak xato bo‘lmaydi.

4. Siyrat Nabiy sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilishni o‘rgatadi
Siyratni o‘rganishning foydalaridan biri: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilishni o‘rgatishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘z ahli ayollari va boshqa insonlar bilan bo‘lgan axloqlarini, U zotning sahobalari va din dushmanlari bilan bo‘lgan muomalalarini o‘rgatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilish, U zotning siyratlarini o‘rganish bilan yanada mukammallashadi.

5. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbat paydo bo‘ladi
Siyratni o‘rganish bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat yanada ziyoda bo‘ladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringizni iymoni toki men unga ota onasi, bolasi va barcha insonlardan sevikli bo‘lmagunimcha komil bo‘lmaydi” (Imom Muslim), deganlar.

Agar siz U zotga muhabbat qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, unda U zotning siyratlarini o‘rganishingiz lozim. Agar siz U zotning qadrini bilmoqchi bo‘lsangiz, unda U zotning siyratlarini o‘rganishingiz lozim. Agar sizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z nafsingizdan ham sevikli  bo‘lishini xohlasangiz, unda tezlik bilan siyrat kitoblarini varaqlashga tushing. U zotga bo‘lgan muhabbat U zotning tarixlarini o‘qish hamda undagi hikmatlarga  amal qilish bilan bo‘ladi.

6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari va ahli oilalariga bo‘lgan muhabbat paydo bo‘ladi
Siyratni o‘qish bilan Abu Bakr roziyallohu anhuning qadrlarini, Umar roziyallohu anhu haqdan botilni ajratganlarini, Usmon roziyallohu anhuning dunyoni jannatga almashtirganlarini, Ali roziyallohu anhuning shijoatlarini, Muoviya roziyallohu anhuning halimliklarini, Habbob roziyallohu anhuning din yo‘lidagi sabrlarini, Bilol roziyallohu anhuning sobit qadamligini, Muoz roziyallohu anhuning faqih ekanlarini, Abu Zarr roziyallohu anhuning to‘g‘ri so‘z ekanligini, Abu Hurayra roziyallohu anhuning zehnlari o‘ta kuchli bo‘lganini, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning Qur’onni qay darajada bilganlarini bilish mumkin. Onalarimizdan Xadicha roziyallohu anhoni Islomga birinchi kirganlarini, Oisha roziyallohu anhoning ilmlarini, Savdo roziyallohu anhoning fazllarini, Juvayriyya roziyallohu anhoning barakalarini bilish mumkin.

7. Siyrat shar’iy hukumlarga kiruvchi vositadir
Siyratni o‘rganishning foydalaridan biri: tolibi ilmlar uchun boshqa ilmlarni o‘rganishda narvon vazifasini bajaradi. Binobarin siyrat shariat ilmlarining onasi hisoblanadi. Islom tarixini qanday boshlangani, Islomda birinchi hukmlar qanday tadbiq qilinganini o‘rgatadi.  Islomiy adabiyot qanday rivojlanganini, Hasson ibn Sobitning she’rlarini o‘rgatadi. Haj amali birinchi bor qanday qilinganini o‘rgatadi. Fiqh fanini o‘rganayotgan inson ham siyratga murojaat qiladi. Bir hukm “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadagi davrlarida bo‘lganmi?” yoki “Madina davrida bo‘lganmi?” Mana shularni o‘rganib, so‘ngra hukm qiladi. Bunda esa siyrat juda zarurdir.

8. Siyrat musulmon, uning oilasi, uyi va jamiyatining madaniyatini o‘rgatadi
Siyrat hayoti bir yo‘ldir. Sizga Islom haqida keng tarzda ma’lumot beradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam qanday qilib musulmonni, uning oilasini va jamiyatini shakllantirganliklarini o‘rgatadi. Madinada yangi jamiyat qurilishi, Islomdagi birinchi masjidning barpo qilinishi, elchilik madaniyati qanday bo‘lishini o‘rgatadi. O‘sha paytdagi dunyo podshohlari bilan qanday muomala qilinganini o‘rgatadi. Musulmonlar nima sababdan Badr jangida g‘alaba qozondilar, nima uchun Uhud jangida mag‘lubiyatga uchradilar, Ahzob kuni qamaldan qanday qutilganlarini o‘rgatadi.

9. Siyrat bu ruhiy bir sayohatdir

Bundan nafslar uyg‘onadi. Qalblar shijoatlanadi. Ko‘zlar yosh to‘kadi, jismlar, ruhlar, aqllar, a’zolar shijoatlanadi. Siyrat sizga islomiy tarbiyaning rasmini chizib beradi. Yer yuzida hali biror kishining siyrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam siyratlari kabi tarbiya ustunlarga zahira bo‘lgan emas.

Siyrat o‘rganishdagi amaliy uslub

Chin ixlos bilan o‘rganish. Niyatni avvaldan yaxshi qilish lozim bo‘ladi. Qalbda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbatan viqorni paydo qilib, siyratni hurmat bilan o‘rganmoq. O‘z oldiga siyrat kitoblarini o‘qishda vazifa qilib olish. Misol: Bugun falon mavzuni o‘rganaman deb o‘z oldiga vazifa qilib olish lozim.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 00:33 18.11.2018. O'qildi: 2616 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!