Bugun 21 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Sirdaryo viloyatini ishsizlik yo‘q hududga aylantirish bo‘yicha tashabbus boshlandi

Sirdaryo viloyatini ishsizlik yo‘q hududga aylantirish bo‘yicha tashabbus boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 6 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatiga keldi.

Bu yil viloyatda 75 ming gektar maydonda paxta yetishtirildi. Ayni paytda qariyb 80 ming gektar yerga g‘alla ekilmoqda.

Davlatimiz rahbari Sirdaryo tumanidagi “Arslon bobo” va “Omonboy o‘g‘li Tugal” fermer xo‘jaliklari dalasini ko‘zdan kechirdi.

“Arslon bobo” fermer xo‘jaligining yer maydoni 90 gektar bo‘lib, bu yil g‘alladan 80 sentnerdan hosil olingan. Hozir paxta terimi avjida. Shuningdek, kartoshka, mosh, sabzi, piyoz kabi takroriy ekinlar ham yetishtirilib, bozorga qo‘shimcha mahsulot chiqarilmoqda.

“Omonboy o‘g‘li Tugal” fermer xo‘jaligi 62 gektarda dehqonchilik qiladi. Bu yerda ham g‘alla hosildorligi 80 sentner bo‘lgan. Ko‘sak soni va terimning borishiga qaraganda, paxtaning ham “cho‘g‘i baland”.

Bu qo‘shni xo‘jaliklarda yerlar lazerli uskuna yordamida tekislangani natijasida suv avvalgiga nisbatan 30-40 foiz tejalmoqda, sug‘orish vaqti ham qisqargan. Nasoslar quyosh panellari quvvatida ishlaydi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida dala chetlariga tut, tok, qoratol va boshqa ko‘chatlar ekilgan.

Prezidentimiz shu yerda sirdaryolik fermerlar, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

- Xalqimiz «mehr ko‘zda» deganidek, sizlar bilan ko‘rishib, hormanglar deb keldim, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Adolatli hakam bo‘lsa, aytish mumkinki, Sirdaryoda ham o‘zgarish bo‘layapti. Lekin zamon shunday shiddat bilan o‘tayaptiki, odamlarning niyatlari ilgarilab ketyapti. Shunga yarasha sharoit yaratish, xalqimiz talabini qondirish uchun yangi-yangi rejalar qilishimiz kerak. Bugun aziz Sirdaryo ahliga rahmat aytish bilan birga, erishilayotgan natijalar bardavom bo‘lishi uchun, tumanlarning, odamlarning biri ikki bo‘lishi uchun zarur yo‘nalishlarni belgilagani keldik.

Fermerlar qishloq xo‘jaligida imkoniyatlar kengayib, manfaatdorlik oshgani, majburiy mehnat tugatilgani, qo‘shimcha mahsulotlar yetishtirilayotganini aytishdi.

- Yer - xalqimiz rizq-ro‘zi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan ta’qib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan mahsulot ham xalqimizniki-ku. Bozorga mahsulot, oilalarga daromad bo‘ladi-ku. Bugun respublikadan kelgan rahbarlar va hokimlar yana 7,5 ming gektar yer ajratilsa, Sirdaryo viloyatida ishsizlikni yo‘q qilish bo‘yicha taklif berayapti. Men buni, albatta, qo‘llab-quvvatladim, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashdi. Ular mazkur fermer xo‘jaliklari dalasidan 0,5 gektardan yer olib, mosh, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirayotganini so‘zlab berishdi. Bundan olgan daromadi hisobidan universitetda o‘qish, uyini butlash rejalarini ma’lum qilishdi.

Prezidentimiz Sayxunobod tumanidagi “Shukronalik mo‘jizalari” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘ldi.

Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 70 gektar. Joriy yilda 25 gektarga paxta, 45 gektarga g‘alla ekildi. Hosildorlik mehnatga yarasha – yuqori.

Mamlakatimizda qaysi mahsulot ko‘proq daromad keltirsa, o‘shani ekishga e’tibor ortayotgani ham qishloq xo‘jaligida yaxshi samara bermoqda. Bu fermer xo‘jaligi ham g‘alladan bo‘shagan maydondan yaxshi daromad oladi. Xususan, bu yil 45 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekilgan.

Shu yerda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va mutasaddilari bilan muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari innovasiya va nav evaziga hosildorlikni oshirish, suvdan oqilona foydalanish va hisobini yuritish zarurligini ta’kidladi. Fermer va ishchilarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, xususan, ular uchun kichik, arzon uylar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Kiritildi: 14:30 06.10.2022. O'qildi: 3818 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!