Bugun 20 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Shukr nima o‘zi?

A A A
Shukr nima o‘zi?

Alloh taolo bandalariga shu qadar ko‘p ne’matlar berganki, ularni sanab tugatib bo‘lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday deb marhamat qilgan: “Agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yeta olmaysizlar. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatli va rahmli zotdir” ("Nahl" surasi, 18-oyat).

Banda ne’matlarga shukr qilishi kerak. Bu Alloh va Rasulining amridir. Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Albatta, qiyomat kuni Alloh taboraka va taoloning eng afzal bandalari ko‘p hamd aytuvchilardir” (Ibn Hibbon, Ibn Moja rivoyati).

Ne’matga shukr qilish o‘sha ne’matning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shukr qilmagan banda nonko‘r, noshukr bo‘ladi. Alloh taolo bunday deb marhamat qilgan: “Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” ("Ibrohim" surasi, 7-oyat).

Bu oyati karimada banda ne’matga shukr qilsa, Alloh uni ziyoda qilishini qasam ila aytmoqda. Shuning uchun ham, astoydil shukr qilish kerak, toki ne’matlar yanada ko‘paysin va o‘zimiz shokirlardan bo‘laylik.

Oyatning davomida shukr qilmagan, nonko‘rlik qilganlarga shiddatli azob borligi eslatilmoqda. Banda qattiq azobga duchor bo‘lmasligi uchun ham shukrni ko‘paytirishi kerak.

“Shukr” deganda ko‘pchiligimiz “O‘zingga shukr”, “Alhamdulillah” deb aytishni tushunamiz. To‘g‘ri, bular ham shukr. Bular lafziy shukr hisoblanadi. Ya’ni shukrning tilda aytiladigan turidir. Har qanday ne’matga so‘z orqali shukr qilinganda, o‘sha ne’mat zikr qilinib, masalan, “Falon ne’matni berganing uchun shukr” deb shukr ado etilaveradi.

Alloh taolo bergan ne’matlar haqida gapirganda, avvalo, eng ulkan ne’mat haqida so‘z yuritamiz. Bu iymon ne’matidir!

Ha, U bizga iymon berdi. Bu eng katta ne’mat! Endi bu ne’matning so‘z bilan bo‘ladigan shukri “Iymon ne’matini berganing uchun O‘zingga shukr” deyish bo‘lsa, amal bilan bo‘ladigani Allohni tanish, Unga sajda qilish, Uning yuborgan Payg‘ambarinining hayotini o‘rganib, unga ergashish, unga nozil qilgan Qur’onni o‘qib-o‘rganib, amal qilish, ibodatda bardavom bo‘lish, xullas, iymon taqozo qilgan narsalarni ado etish bilan bo‘ladi.

Endi tana a’zolarini ko‘rib chiqaylik! U bizga bosh berdi. Boshning amaliy shukri – undan yomon xayollarni chiqarib tashlash, dunyo va oxirat uchun foydali bo‘lgan narsalarni o‘ylash, go‘zal niyat qilish bilan bo‘ladi.

U bizga ko‘z berdi. Ko‘zning amaliy shukri – u bilan haromga boqmaslik, faqat halol narsaga qarash, ota-onaning, ahli oila va farzdandlarning, ustozlarning yuziga mehr ila boqish, dindoshlarning yuziga tabassum ila boqish bilan bo‘ladi.

U bizga quloq berdi. Quloqning amaliy shukri – u bilan harom narsalarni eshitmaslik, faqat halol narsalarnigina eshitish, Qur’on tinglash, mav’iza tinglash, ilmiy suhbat tinglash, ota-onaning, ustozlarning, ahli oilaning gaplariga quloq solish, yordam so‘rab kelgan insonlarning iltimoslarini eshitish va hojatlarini ravo qilishga urinish bilan bo‘ladi.

U bizga til berdi. Tilning amaliy shukri – u bilan harom, gunoh bo‘lgan gaplarni gapirmaslik, faqat halol, foydali so‘zlarni gapirish, Allohni zikr qilish, Qur’on tilovat qilish bilan bo‘ladi.

U bizga qo‘l berdi. Qo‘lning amaliy shukri – u bilan harom narsani ushlamaslik, harom ishga qo‘l urmaslik, faqat halol narsani ushlash, halolga qo‘l urish bilan bo‘ladi.

U bizga oyoq berdi. Oyoqning amaliy shukri – u bilan harom, gunoh joylarga bormaslik, faqat halol, savob bo‘ladigan joylarga yurib borish, masjidga, dindosh birodarining hojatini ravo qilish, ota-ona, ustozlar, bemorlar, yetimlar ziyorati uchun yurib borish bilan bo‘ladi.

Xullas, barcha tana a’zolarini Alloh rozi bo‘ladigan, savobli ishlarga ishlatish, harom, gunoh ishlarga ishlatmaslik, birorta a’zo kasal bo‘lsa, uni davolatish bilan amaliy shukr ado etiladi.

Alloh taolo farzand ne’matini ato qilsa, uning amaliy shukri o‘sha farzandni Allohni taniydigan, solih, taqvodor etib tarbiya qilish bilan bo‘ladi.

Alloh taolo ilm olish imkoniyatini bersa, masalan, o‘qishga kirilsa, uning amaliy shukri o‘sha bilim dargohida yaxshi o‘qish, ustozlarni hurmat qilish, ilm olish yo‘lidagi mashaqqatlarni yengib o‘tish, dangasalik qilmaslik bilan ado etiladi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 22:21 26.08.2018. O'qildi: 20699 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!