Olaf Shols Turkiyaga qurol yetkazib berishning davom etishini qo‘llab-quvvatladi.
"Turkiya NATO a’zosi, shuning uchun ham biz aniq yetkazib berishga ruxsat beradigan qarorlar qabul qilishda davom etamiz", dedi Germaniya kansleri Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan Istanbuldagi muzokaralaridan so‘ng o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.
Erdo‘g‘onning aytishicha, Turkiya Yevropadan qurol sotib olish bilan bog‘liq muammolar “ortda qolishini istaydi”. Anqara, xususan, Eurofighter qiruvchi samolyotlarini sotib olmoqchi. Bu turdagi samolyotlar Germaniya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Italiya bilan birgalikda ishlab chiqariladi. Bu borada to‘rtta davlat ham yetkazib berishga rozilik berishi kerak. Olaf Sholsning so‘zlariga ko‘ra, masala yuzasidan London bilan muzokaralar olib borilmoqda.
2019 yilda turk qo‘shinlari Suriya shimoliga hujum boshlaganida Germaniyadan Turkiyaga qurol yetkazib berish sezilarli darajada kamaydi. Mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tufayli qurol eksportiga yo‘l qo‘yilishi haqidagi bahslar ham davom etmoqda. Biroq, Der Spiegel nashrining yozishicha, 2024 yil sentyabr oyida Turkiyaga kamida 236 million yevrolik nemis qurollari, jumladan, zenit-raketalar va torpedalar eksporti ma’qullangan.