16 oktyabr, chorshanba kuni Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, shu haftada 1,4 millionga yaqin yoshlar Seulni "urush yoqasidagi keskin vaziyatni keltirib chiqargan dronlarning ig‘vogarlik bosqini"da ayblab, armiyaga kirish yoki qaytish uchun ariza topshirgan, deb yozadi Reuters.
Armiyaga kirish to‘g‘risidagi petisiyalarga imzo chekkan yoshlar "dushmanni inqilob quroli bilan yo‘q qilish uchun muqaddas urushda kurashishga qat’iy qaror qilishgan," deb yozdi Shimoliy Koreya ommaviy axborot vositalari.
"Agar urush boshlansa, Janubiy Koreya yer yuzidan supurib tashlanadi. U urushni xohlagani uchun biz uning mavjudligini tugatishga tayyormiz," - deyiladi xabarda.
O‘tgan hafta KXDR Janubiy Koreyani Pxenyan ustidan uchib o‘tgan va Shimoliy Koreyaga qarshi "ulkan miqdorda" varaqalar tarqatgan dronlarni uchirishda aybladi.