Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishiga start berdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishiga start berdi

Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakatimiz transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam, deb atadi.

So‘nggi 10 yilda 78 trln so‘m hisobidan jami 128 ming kilometr yo‘lda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Davlat rahbari bugun sohada tom ma’noda yangi davr boshlanayotganini ta’kidladi.

Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi quriladi.

Yo‘lga og‘ir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkoni yaratiladi, zamonaviy xavfsizlik yechimlari va raqamli qulayliklar yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytiradi.

Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazadi, yuk tashish tannarxi esa 20−24% ga pasayishi kutilmoqda.

Toshkent — Samarqand yangi avtomobil yo‘li hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga ko‘taradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday loyihalarga sarflangan har bir dollar investisiya iqtisodiyotga 5 barobargacha qaytadi.

Yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3% ga ko‘payishiga turtki beradi. Yo‘l o‘tadigan aholisi 2 mlndan ziyod 13 ta tuman uchun minglab ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘ladi.

Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm ob’ektlari barpo etiladi. Qurilishda mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanish tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.

Davlat rahbari Xiva-Urganch yo‘li qurilishi boshlangani, Toshkent-Andijon yo‘li bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani, Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘laydigan yo‘lni loyihalash ishlari yakuniga yetkazilayotganini qayd etdi.

«Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz», — dedi prezident va kapsula qo‘yib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.

Kiritildi: 15:57 22.07.2026. O'qildi: 1163 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!