Bugun 2 sentyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

«Shanxay ruhi» BMT nizomida aks etgan maqsadlarga mos keladi

«Shanxay ruhi» BMT nizomida aks etgan maqsadlarga  mos keladi

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti faoliyatini boshlaganidan beri birinchi marta Xitoyning Tyanszin port shahrida 31 avgust – 1 sentyabr kunlari yirik sammit bo‘lib o‘tdi. Sammit ishida 20 dan ortiq mamlakatning davlat va xukumat rahbarlari, 10dan ortiq xalqaro tashkilot rahbari ishtirok etmoqda. XXR raisi Si Szinpin SHHT Davlat rahbarlari kengashining 25-yig‘ilishi va «SHHT plyus» uchrashuviga rahbarlik qildi. Uning dasturiy nutqi ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olindi.

Si Szinpin XXR raisi lavozimiga saylanganidan beri SHHTning barcha sammitlarida ishtirok etib keladi. U tashkilot asoschilaridan biri bo‘lmish Xitoy rahbari sifatida SHHTning rivojlanishi yo‘lida mehnat qilmoqda.

SHHTning so‘nggi 12 ta sammitida chiqish qilgan Si Szinpin «Shanxay ruhi»ning o‘ta muhimligiga e’tibor berib keladi. Uning fikricha, «tashkilotning asosiy qiymati va umumiy konsepsiyasi sifatida «Shanxay ruhi» ga doimiy ravishda rioya qilish, uni global jarayon va tashkilotning rivojlanishini hisobga olgan holda davrning yangi mazmuni bilan doimiy ravishda boyitish muhimdir».

2001 yil 15 iyun kuni Xitoyning Shanxay shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, O‘zbekiston, Tojikiston va Xitoy rahbarlari ishtirokida Shanxay Hamkorlik Tashkilotini tuzish to‘g‘risida Deklarasiya qabul qilindi. Hujjatga o‘zaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuvlar, madaniyatlarning xilma-xilligiga hurmat va birgalikda rivojlanish istagi aks etgan «Shanxay ruhi» yozilgan. «Shanxay ruhi» BMT Nizomida aks etgan maqsadlarga mos keladi.

So‘nggi asrda kuzatilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar jarayonida Si Szinpin SHHTning taraqqiyoti yo‘lida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

2018 yilgi Sindao sammitida Si Szinpin xalqaro munosabatlarning yangi turini qurish va SHHTga yangi tarixiy missiyani yuklashning asosiy tushunchalarini umumlashtirgan holda rivojlanish, xavfsizlik, hamkorlik, sivilizasiya va global boshqaruv bo‘yicha konsepsiyalarni ilgari surdi.

SHHT Davlat rahbarlari Kengashining 2020 yilda bo‘lib o‘tgan 20-yig‘ilishida Si Szinpin SHHT insoniyat yagona taqdiri yo‘lida «Shanxay ruhini» umumiy sog‘liq, umumiy xavfsizlik, birgalikda rivojlanish va madaniy-gumanitar almashinuvlar manfaati uchun rivojlantirish kerakligini ta’kidladi. U SHHTning 2024 yilda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida «Shanxay ruhi»ga qat’iy rioya qilishga, umumiy uyimizga birdamlik va ishonch muhitini yaratishga, umumiy uyimizni tinch va xavfsiz, obod va farovon qilishga, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va adolat yo‘lida umumiy uy qurishga chaqirdi.

Si Szinpin tomonidan SHHTning yanada go‘zal umumiy uyini birgalikda qurish bo‘yicha takliflari Xitoyning boshqa davlatlar bilan yanada yaxshi kelajak yaratish uchun hamkorlik qilish istagini davom ettirayotganini hamda SHHT doirasidagi birdamlik va hamkorlikni mustahkamlashini ko‘rsatadi.

Tog‘lar va okeanlar hamfikrlarni ajratmaydi. 2024 yilda bo‘lib o‘tgan sammit doirasida birinchi marta «SHHT plyus» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu o‘z navbatida SHHTning jahonda nufuzi ortib borayotganidan dalolatdir. Avvaliga «SHHT oilasi»da 6ta mamlakat bor edi. Ayni damda SHHT uch qit’a — Osiyo, Yevropa va Afrikadagi 26 ta mamlakat (10 ta a’zo, 2 ta kuzatuvchi, 14 ta muloqot bo‘yicha hamkor)ni qamrab olgan holda katta oilaga aylandi. SHHTni geografik qamrovi va aholi soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik integrasiyalashgan mintaqaviy hamkorlik tashkiloti desak to‘g‘ri bo‘ladi. Uning xalqaro maydondagi ta’siri, obro‘ va nufuzi o‘sishda davom etmoqda.

SHHTning barcha mamlakatlari oldida iqtisodiy o‘sish va modernizasiyalashga ko‘maklashish bo‘yicha dolzarb vazifalar turibdi.Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan global rivojlanish tashabbusining sakkizta ustuvor yo‘nalishi, ya’ni qashshoqlikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, rivojlanishni moliyalashtirish, iqlim o‘zgarishiga javob berish va yashil rivojlanish, sanoatlashtirish, raqamli iqtisodiyot va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha SHHT doirasidagi hamkorlik keng istiqbollarga ega.

Tyanszin shahri «Ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘i» va «21 asr Dengiz Ipak yo‘li»ning kesishgan joyi hisoblanadi. 2024 yilda bu shahar bilan SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi import va eksport hajmi 21,9 foizga oshdi. Statistik ma’lumotlaprga ko‘ra 2024 yilda Xitoy bilan SHHTga a’zo, kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi rekord darajaga chiqdi va 890 mlrd AQSh dollarni tashkil qildi. 2024 yilda Xitoy mazkur mamlakatlarga kiritgan investisiyasi 140 mlrd AQSh dollaridan oshib ketdi.

Tahlilchilarning fikricha, Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Ipak yo‘lining Iqtisodiy belbog‘i» deb nomlangan tashabbus tarixiy ahamiyatga ega. Chunki mazkur tashabbus halqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi va Yevroosiyoni globallashtirish jarayonida muhim rol o‘ynaydi.

2025 yil aprelida «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishining boshlanishi ham muhim ahamiyat ksb etadi. Qurilish nihoyasiga yetgach, mazkur temir yo‘l uchta mamlakat xalqlariga foyda keltiradi va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Chunki, bu temiryo‘li nafaqat transport yo‘lagi, balki Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim strategik ko‘prikdir. Si Szinpin ta’kidlaganidek, «birgalikdagi harakat g‘alabaga, umumiy fikr esa muvaffaqiyatga olib boradi».

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutq so‘zlar ekan, jumladan shunday dedi: «Konfusiyning “Hayotda o‘z o‘rningni topishni xohlar ekansan, boshqalarga yordam ber, muvaffaqiyatga intilar ekansan, boshqalarning yutug‘iga ko‘mak ber”, degan hikmatli so‘zlari o‘zgacha ruhda yangraydi. Bu ming yillik falsafa o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash, har bir a’zo davlat manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan Shanxay hamkorlik tashkilotining bugungi missiyasiga hamohangdir».

Si Szinpin turli etnik guruhlar, madaniyatlar, dinlarni o‘zida mujassam qilgan SHHT qamrab olgan mintaqa ko‘plab qadimiy sivilizasiyalar yurti ekanini ta’kidlab keladi. Uning fikricha, «Biz mintaqaning boy madaniy xilma-xilligini qimmatbaho boylik sifatida qadrlashimiz, sivilizasiyalar to‘qnashuvi g‘oyasini rad etishimiz va ochiqlik, inklyuzivlik, madaniyatlararo muloqot va bir-birimizdan tajriba olishni qo‘llab-quvvatlashimiz, shu bilan barcha xalqlarning mustahkam do‘stligi, umumiy rivojlanishi va taraqqiyotiga barqaror turtki berishimiz kerak».

Sivilizasiya faqat aloqa va almashinuv orqali boyitiladi hamda rivojlanadi.

Si Szinpin ilk bor SHHT sammitida 2013 yilda qatnashgan. U vaqtda terrorizm, separatizm, ekstremizm, narkotiklar noqonuniy aylanmasi va transmilliy uyushgan jinoyatchilik mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga tahdid ko‘rsatardi. O‘sha sammitda Xitoy tomoni «Shanxay siyosiy-yuridik universitetida SHHT xalqaro huquqiy Kadrlar tayyorlash va hamkorlik markazi» tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Shu kunga qadar mazkur markazda onlayn va oflayn formatida 90 dan ortiq o‘quv darslari bo‘lib o‘tib, unda 3 minga yaqin xorijlik mutaxassis saboq oldi.

SHHT dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni faqat siyosiy yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib keladi. Tashkilot ko‘p tomonlama savdo tizimini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi va harbiy kuchni suiiste’mol qilishni qat’iy qoralaydi.

Tahlilchilarning fikricha, Si Szinpin SHHT doirasida bir qator tashabbuslarni ilgari surish orqali yanada adolatli va ko‘p qutbli dunyoni barpo etishga hissa qo‘shadigan «Shanxay ruhi»ni targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynaydi.

«Mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, shuningdek, bir asrda noaniqlik kuchayib borayotgan va misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar tezlashayotgan dunyoda turli mamlakatlarning rivojlanishi va gullab-yashnashiga ko‘maklashish uchun SHHT zimmasiga yanada katta mas’uliyat tushadi». Bu haqda 31 avgust kuni XXR raisi Si Szinpin xorijlik mehmonlar uchun tashkil etilgan ziyofatda bayonot berdi. Xitoy rahbari barcha tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan sammit to‘liq muvaffaqiyat bilan yakunlanishiga, SHHT bundan ham muhim rol o‘ynashiga, yanada katta taraqqiyotga erishishiga va a’zo davlatlarning hamjihatligi va o‘zaro hamkorligiga, kuchlarni birlashtirishga yanada katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Kiritildi: 16:02 01.09.2025. O'qildi: 446 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!