Bugun 28 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Sevishganlarni baxtli qiladigan maskan — Turkiyaning Galata minorasi

A A A
Sevishganlarni baxtli qiladigan maskan — Turkiyaning Galata minorasi

Istanbuldagi Galata minorasi afsonalari bilan diqqatga sazovor, tarixiy ahamiyati bilan ajralib turuvchi turistik joy bo‘lib, mahalliy va xorijiy sayyohlar tomonidan tez-tez ziyorat qilinadigan obida hisoblanadi.

Birinchi marta 528 yilda qurilgan va fonar minorasi sifatida ishlatilgan Galata minorasi bugungi kungacha ko‘p marta vayron qilingan va ta’mirlangan. Salib yurishlari paytida vayron bo‘lgan minora o‘rnida 1348 yilda genuyaliklar tomonidan Masihning minorasi deb nomlangan yangi minora qurilgan. Shu sababli Galata minorasining yoshi shu sanadan e’tiboran hisoblanadi. Vaqt o‘tishi bilan amalga oshirilgan ta’mirlash va tartibga solish ishlari natijasida hozirgi shaklini olgan minoraning qurilganligiga bugun 674 yil bo‘ldi. Dunyodagi eng qadimiy minoralardan biri bo‘lgan Galata minorasining yerdan to tomining uchigacha bo‘lgan balandligi roppa-rosa 69,90 metrni tashkil qiladi.

Minora necha qavatdan iborat?

9 qavatli Galata minorasida 2 ta lift bor. Minora tepasiga chiqayotib, birinchi 7 qavatga lift orqali, keyingi 2 qavatga zinapoyalar orqali chiqiladi. Minoradan tushayotganda siz zinapoyadan to‘liq foydalanishingiz mumkin.

Galata minorasi arxitektori

Minoraning me’mori bitta emas. Yillar davomida ko‘plab me’morlar minoraga yangi qavatlar, deraza oynalari va liftlar kabi turli xil unsurlar bilan hissalar qo‘shgan. Hozirgi kundagi minoraning me’mori esa Ko‘ksal Anadoldir. Galata minorasi XV asrda Usmoniylar imperiyasi Istanbulni zabt etgandan keyin turklar tomonidan har yili yangilanib, takomillashtirilgan. Shuning uchun, binoning 3-qavatigacha bo‘lgan qismi Genuya me’moriy xususiyatiga ega bo‘lsa, ustki qavatlar Usmoniylar me’morchiligini nomoyish qiladi.

Galata minorasi afsonasi

Eng qadimgi Galata minorasi afsonasining bir uchi rimliklarga borib taqaladi. Rimliklarning e’tiqodiga ko‘ra, erkak va ayol birinchi marta Galata minorasiga birga borishsa, ular albatta turmush qurishadi. Biroq yigit va qizning qaysidir biri ilgari minorada bo‘lgan bo‘lsa, bu sehr yo‘qoladi.

Galata minorasining konussimon «qalpog‘i»

Qadimgi Galata minorasining XVI asrdan 1875 yilgacha olingan fotosuratlariga qaraganda, minoraning uchli konusga ega ekanligi ko‘rinadi. Biroq o‘sha yili bo‘ron minoraning konusini vayron qilib yuborganidan so‘ng Galata minorasi bir muddat konussiz davrni yashadi.

Aslida, konussiz davrda Galata minorasini yangilash uchun arxitektor Aram Tahtajiyon tomonidan taqdim etilgan loyiha ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Chunki loyiha ushbu hududdan teatr zali, restoran va o‘yin-kulgilar zali sifatida foydalanishga asoslangan bo‘lib, o‘ziga xos konusni temir konstruksiyadan yasalgan qo‘shimcha bilan almashtirish edi. Agar bu loyiha amalga oshirilgan taqdirda, ehtimol, Galata minorasining hozirgi ta’sirchan ruhi o‘z o‘rnini butunlay boshqa atmosferaga bo‘shatib bergan bo‘lardi.

Ba’zilar Galata minorasiga chiqib, Istanbulning betakror manzarasini uzoq vaqt tomosha qilishni xush ko‘radilar, boshqalari Galata minorasining salobati va jonli holatini uzoqdan tomosha qilishni yaxshi ko‘radilar... Xo‘sh, siz-chi?

Nizomjon Islomov tayyorladi.

Kiritildi: 11:00 21.02.2022. O'qildi: 3792 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!