Sevimli TV kino tahririyati mudiri Lola Shoimova uza.uz saytiga turk seriallari bo‘yicha bo‘layotgan munosabat yuzasidan shunday mazmunda fikr bildiradi:
Shum bola filmida eriga xiyonat qilgan ayol, shum bolani o‘g‘irlikka da’vat qilgan o‘g‘riboshi haqidagi sahnalar bor. Lekin nega bu asarni, asar asosida ishlangan kinoni hech kim qoralamaydi yoki Kelinlar qo‘zg‘oloni dagi qaynonasiga qarshi chiqqan Nigorani hech kim tanqid qilmaydi?
Kinoshunos emasman, ammo oddiy tomoshabin sifatida shunday javob bergan bo‘lardim. Chunki Shum bola filmi sahnasidagi buzuq ayol yoki o‘g‘riboshi kinoning bosh qahramoni emas. Balki kichik epizod. Ya’ni buzuq ayol yoki o‘g‘riboshi asar qahramonining otasi yoki onasi emas.
Shum bolaning onasi xokisor, oddiy o‘zbek ayoli. O‘g‘lining qulog‘idan cho‘zib kelgan qo‘shnisiga belini qo‘liga tirab shallaqilik qilmaydi. Film qahramoni shum bola Qoravoy o‘g‘riboshi o‘g‘rilikka da’vat qilsa-da, yeyishga noni, kiyishga kiyimi bo‘lmasa ham, boylik orttirish maqsadida o‘g‘riboshining ortidan ketmaydi.
O‘g‘riboshidan qutulish maqsadida hatto do‘sti Omonni zo‘rg‘a pul yig‘ib olgan qo‘zisidan ham voz kechishga undaydi. Qoravoy turli shumliklarni o‘ylab topadi va bu ba’zi shumliklari bilan jamiyatdagi kamchiliklarni ochib beradi.
Shum bola qiyin sharoitda, shu xarakteri bilan ham insoniylik fazilatlarini saqlab qoladi. O‘g‘irlik qilmaydi, eriga xiyonat qilgan buzuq ayoldan nafratini yashirmaydi, boyning qizini kuzatib o‘tirgani uchun boy uni qattiq jazolasa-da qizini badnom qilish haqida o‘ylamaydi.
Shum bolaning bo‘y yetgan singlisi haliyam qo‘g‘irchoq o‘ynaydi. Boshiga tushgan musibatlarga qaramay, birorta yigit bilan qochib ketmaydi.
Kelinlar qo‘zg‘oloni kinosiga kelsak, yetti kelindan bittasi o‘z haq-huquqini talab qilib chiqadi. Buni tabiiy hol deb qabul qilish kerak. U axloqsizlik qilmadi, u hatto haqiqatni qaynonasining yuziga ayta oldi, orqasidan gapirmadi.
Kinoning bosh g‘oyasi ana shu kelin orqali ochib berilgan. Ya’ni aka-ukalar va ovsinlarning bir xonadonda yashashining yaxshi jihatlari-yu kamchiliklari nazarda tutilgan. Qolgan olti kelinning ichida ham birortasi axloqsiz emas. Hatto qaynonasi birinchi turmushidan ajragan keliniga jo‘natilgan puldan voz kechishini maslahat beradi.
Nega? Balki har safar nevarasining otasidan keladigan aliment tufayli kelini bir bora birinchi erini yodga olishini istamagandir. Kelinlari-yu o‘g‘illaridan tiyin-tiyinigacha maoshini sanab olgan qaynona mana shu yerda mardlik qiladi.
Bu yomonlik va yaxshilikning kurashuvi aslida. Kelin bolasiga pul jo‘natayotgan birinchi eriga ketgisi kelib qolishi mumkin edi-ku, seriallardagidek. Turk serialida hatto opa singillar bir-birining erining suratiga termilib o‘tirganda, ovsinlarning birortasi mulla akasiga ko‘z suzmadi (uzr, tasavvur qilishga ham uyaladi kishi). Yoki Farmonbibining o‘g‘illaridan birortasi boshqa ayollarni sevib (masalan, do‘stlarining) qolmadi. Aksincha, xotinining qadriga yetmagan bir o‘g‘il ona tomonidan qattiq jazolandi.
Yillar osha hamon sevib tomosha qilinayotgan va hamon sevimli bo‘lib yashab kelayotgan san’at durdonalariga aylangan Shum bola , Kelinlar qo‘zg‘oloni kabi filmlarni boshqa kinolar bilan solishtirish yoki g‘oyaviy tomondan juda bo‘sh ishlangan BA’ZI seriallar bahridan o‘tmaslik uchun qurbon qilinishi mantiqqa to‘g‘ri keladimi?!
Manba: uza.uz