Farmon asosida afv etilganlar orasida 20 nafar samarqandlik ham bor. Ularning 12 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan, 8 nafari probasiya nazoratidan muddatidan oldin shartli ozod etildi. Ularning bir nafari ayol kishi.
Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi Sherxon Egamberdiyev ham ana shu insonparvarlikdan bahramand bo‘lib, muddatidan oldin uyiga, oilasi bag‘riga qaytdi. U jinoyat kodeksnining 273-moddasi 5-qismi bilan 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
– Prezidentimizning bag‘rikengligi, insonparvar siyosati tufayli belgilangan jazodan uch yil oldin ozod etildim, – deydi SH.Egamberdiyev. – Albatta, buning qadriga yetib, endi to‘g‘ri hayot kechiraman. O‘tgan vaqt mobaynida ozodlikning qanchalik aziz ne’mat ekanligini his qildim. Ko‘p narsa yo‘qotdim. Bundan o‘zimga xulosalar chiqardim.
Samarqand viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati Probasiya boshqarmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Nodir Karimovning qayd etishicha, afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish bilan birga ularning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.