YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan 30 oktyabrdan 14 noyabrga qadar Samarqandga kirish yo‘llari yopiladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ogohlantirdi.
Tranzit transport vositalari uchun aylanma yo‘nalishlar yaratilgan. Haydovchilarga aylanma yo‘l xaritalarini ko‘rish imkonini beruvchi QR-kodli flayerlar tarqatiladi.
IIV O‘zbekiston aholisi va mehmonlarini Samarqandga safarlarni imkon qadar keyinroqqa qoldirishga chaqirdi.
“Mazkur kunlarda Samarqandga safar rejalashtirgan bo‘lsangiz, imkon bo‘lsa, tashrifni boshqa kunga qoldiring. Bu choralar xalqaro anjumanni xavfsiz o‘tkazish uchun zarur”. deyiladi vazirlik xabarida.
YUNESKO konferensiyasi 1985-yildan beri ilk bor Parijdan tashqarida o‘tkaziladi. Sessiya Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida bo‘lib o‘tadi.