Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Samarqanddagi sammitda ishlagan ayrim gidlarga nega pul berilmagan? Vazirlik munosabat bildirdi

Samarqanddagi sammitda ishlagan ayrim gidlarga nega pul berilmagan? Vazirlik munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida tarjimonlik qilgan gidlarga ikki oydan beri xizmat haqlari to‘lab berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Turizm va madaniy meros vazirligi bunga rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Samarqand sammitiga uchta toifadagi gidlar jalb qilinib, ular talabalar, Madaniy meros agentligida faoliyat olib boruvchi va mustaqil gidlardan iborat.

Birinchi toifada tadbirga Samarqand davlat universiteti, Ipak yo‘li xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Chet tillar universiteti talabalari ko‘ngilli (volontyor) sifatida jalb etilgan.

Ikkinchi toifaga kiruvchi Madaniy meros agentligida ishlovchi gidlarning faoliyat doirasidan va oylik ish haqi olishidan kelib chiqib, ularga qo‘shimcha to‘lovlar ko‘zda tutilmagan.

Uchinchi toifa — mustaqil professional gidlarga esa 500 ming so‘mdan to‘lov amalga oshirilayotgani ma’lum qilingan.

Vazirlik munosabatida 2019 yil 2 dekabrdagi O‘RQ-585-sonli qonunning 3-moddasiga ko‘ra, volontyorlik faoliyati — jismoniy yoki yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga ko‘ra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan, jamoat uchun foydali bo‘lgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanishi va shu qonunning 5-moddasiga muvofiq, volontyorlik faoliyatining asosiy omillari volontyorlik faoliyati qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik, beg‘arazlik prinsiplariga asoslanishi eslatib o‘tilgan.

Mustaqil gidlarga esa ular taqdim etgan ma’lumotlar hamda ularning to‘liqligiga asosan xizmat puli to‘lab berilayotgani aytilgan.

Tayyorgarlik bilan bog‘liq tegishli hujjatlarga ko‘ra, SHHT sammitida barcha gidlar 3 kun davomida transport, ovqatlanish va maxsus kiyim (erkaklarga — kostyum shim va poyafzal, ayollarga — to‘liq ust-bosh va tufli) bilan ta’minlangan.

Shuningdek, 21 noyabr kuni Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutida tushuntirish ishlari olib borilgan. Unda talabalar «davlat rahbarlari ishtirokidagi xalqaro sammitda qatnashish ular uchun katta tajriba bo‘lgani», «tadbirdan oldin ularga tashkiliy jarayonlar bilan bog‘liq barcha zarur ma’lumotlar berilgani» va «ular hech qanday to‘lov kutmayotganliklari»ni bildirishgan.

«Bugun maqolada keltirilgan ayrim detallarni aniqlashtirish uchun sammit tadbirlarida qatnashgan Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchilari, magistrantlari va talabalari bilan uchrashdik. Institut talabalari tegishli sertifikatga ega bo‘lmay turib, ushbu xalqaro tadbirda qatnashish va SHHT mamlakatlari prezidentlari bilan muloqot qilish va suratga tushish baxtiga muyassar bo‘lganliklarining o‘ziyoq ular uchun sharaf ekani va bu tadbir talabalar uchun muhim amaliyot bo‘lganini ta’kidlashdi.

Qolaversa, xalqaro tadbir muvaffaqiyatli o‘tganligi va unda SamDCHTI jamoasi va talabalari faol ishtirok etganlari uchun ularga tashakkurnomalar berilgan», — deydi Qobilov.

«Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Samarqand davlat universiteti, Ipak yo‘li xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Samarqand davlat chet tillar instituti talabalarining aksariyati o‘z tashabbusi bilan ushbu sammitda ishtirok etish istagini bildirganliklari va vatanparvarlik hissini namoyin etganliklari alohida tahsinga sazovordir», deyiladi vazirlik axborot xizmati xabarida.

Kiritildi: 09:31 22.11.2022. O'qildi: 2535 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!