Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida 11 dekabr kuni bog‘cha va gaz zapravkada yong‘in chiqdi.
Viloyat FVB matbuot xizmatining xabar qilishicha, soat 20:40 da “Amir Temur” mahallasida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasasi binosida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgan. Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilinib, voqea joyiga soat 20:43 da yetib borib, soat 21:55 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining shift va tom qismi yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, yong‘inning kelib chiqish sababi anqlanmoqda.
Shu kuni soat 21:00 da Go‘zalkent qo‘rg‘oni “Go‘zalkent” mahallasida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan va siqilgan gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar berilgan.
Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilinib, voqea joyiga soat 21:27 da yetib borib, soat 21:50 da to‘liq bartaraf etilgan. Shoxobchada suyultirilgan gaz yoqilg‘isi (propan) to‘kib olish jarayonida texnologik jarayonlarni buzilishi natijasida vintelda gazning lokal yonish sodir bo‘lgan.
Yonish natijasida bino-inshoatlarga va texnika vositalariga zarar etmagan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.