Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Samarqandda ayollarga uylanib, pullarini o‘marib ketadigan firibgar qo‘lga tushdi

Samarqandda ayollarga uylanib, pullarini o‘marib ketadigan firibgar qo‘lga tushdi

Shalola va Habibullo (ism-shariflar o‘zgartirildi) Pay­ariq shaharchasidagi to‘yxonada tanishib qolishadi. Ular dastlabki paytlarda kun-kunoro telefon orqali gaplashib turishardi. Keyinchalik munosabatlari qalinlashib, shar’iy nikoh asosida turmush qurishadi.

Tabiiyki, birga yashash uchun uy-joy kerak. Habibulloning «Bahrin qishlog‘idan nomingga uy-joy qurishga yer sotib olamiz», degan taklifi Shalolaga ma’qul tushadi. Shu tariqa 2018 yilning iyunidan — oktyabr oyiga qadar Habibullo uy-joy qu­rish uchun yer sotib olishini aytib, Shalolaning 6 million so‘m mablag‘ini qo‘lga kiritadi.

Biroq oradan ancha vaqt o‘t­sa-da, uy-joy masalasi hal bo‘lmaydi. Shalola bu haqda gap ochganida, Habibullo turmush o‘rtog‘i betobligi, ikki nafar voyaga yetmagan farzandining tashvishi ham zimmasida ekani, shulardan ortmayotganidan yozg‘iradi.

— Uy-joy ham bir gap bo‘lar, — deydi Habibullo bir gal. —Undan oldin to‘y qilishimiz kerak. Busiz qo‘ni-qo‘shnilar oldida noqulay ahvolga tushayapman…

Bu gapdan so‘ng to‘yxonada ularning to‘yi bo‘lib o‘tadi. To‘y­ning ertasi kuni Habibullo «ishga ketyapman» degancha bu yerda boshqa qorasini ko‘rsatmaydi.

To‘y xarajatlarini ham o‘zi­ to‘lagan Shalola aldanganini ang­lab yetgan paytda Habibullo boshqa bir juvonni tuzog‘iga ilintirish, uning boyliklarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish ilinjida yangi hiylani qo‘llash bilan ovora edi…

Habibullo Shalola bilan to‘­yi bo‘lishidan biroz avval «Do‘stlik» mahallasida yashovchi Navbahor ismli juvon bilan tasodifan tanishib qolgan edi. Turmushidan ajrashgan, o‘g‘­li bilan ota-onasinikida yashayotgan Navbahor o‘zi­ni Samar­qand viloyati hokimligining iqtiso­diyot­ bo‘limida ishlovchi mas’ul xodim deb tanishtirgan Habibulloning aldoviga tez uchadi.

Aniqrog‘i, Habibulloning besh yil oldin xotinining vafot etgani, A’zamjon ismli yolg‘iz o‘g‘li Toshkent shahrida futbol-internat maktabida o‘qiyotgani, otasi og‘ir xastalikka chalingani bois onasi uni xorij davlatiga davolatishga olib ketgani kabi yolg‘on diydiyolarini eshitgach, Nav­bahorning so‘qqabosh erkakka rahmi kelib ketadi. Shu bois Habibulloning turmush qurish haqidagi taklifiga uzoq o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘ladi. Shar’iy nikoh asosida ular Navbahorning qarindoshlaridan birining qo‘shni qishloqdagi bo‘sh tur­gan hovlisida yashay boshlashadi.

Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan birida sirtdan o‘qiyotgan Navbahor shartnoma pulini to‘lashi uchun plastik kartasiga ish haqidan 5 million 300 ming so‘m yig‘ib qo‘yganini bilib qolgan Habibullo shartnoma to‘lovini biron-bir fermer xo‘jaligi hisobidan o‘tkazib berishni va’da beradi.

Uning gaplariga ishonib, plas­tik kartani bergan Nav­bahorga 300 ming so‘mni qaytargan Habibullo 5 million so‘mni o‘z ehtiyo­ji uchun sarflab yuboradi. Shundan so‘ng uyga kelmay qo‘yadi. Bu Navbahorning ko‘ng­lida shubha-gumon uyg‘otadi va Habibullo ha­qida surishtira boshlaydi. Lekin tayinli ma’lumot topolmaydi. Shu orada Navbahor uy-joy masalasida tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qiladi. Tuman ho­kimligi uni o‘rganib chiqib, Navbahorga tibbiyot kollejining bo‘sh turgan yotoqxonasidan yashash uchun uchta xona ajratib beradi.

Navbahor o‘g‘li bilan yangi joyga ko‘chib o‘tganda kutilmaganda Habibullo paydo bo‘ladi va ular yana birga yashay boshlaydi…

Samarqand shahrida yashovchi Ali Nurimov Payariqqa kelib, novvoylik bilan shug‘ullanayotgan edi. U oilasi bilan ijarada yashardi. Bir gal yo‘lovchi mashinada Samarqanddan Payariqqa kelayotganida u Habibullo bilan tanishadi. Tanishuvga Habibulloning uy-joydan gap ochgani sabab bo‘ladi.

— Agar ozgina pulingiz bo‘l­sa, men sizga yangi uy olib be­ra­man, — deydi Habibullo suh­batdoshining ijarada yashayotganini eshitgach. — Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Berdiqulov yaqin o‘rtog‘im bo‘­ladi…

Haqiqatan ham, o‘sha kezlari tumanda ikki qavatli uylar qu­rilayotgan edi.

Ali Nurimov Ha­bibulloning taklifiga o‘y­lab-netib o‘tirmay rozi bo‘ladi.

Savobtalab, himmatli yan­gi tanishining topshirig‘i bo‘yicha o‘zining uy-joy yo‘qligi haqida ma’lumotnoma, o‘zi va oila a’zolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxalarini olib kelib beradi.

«Uyning boshlang‘ich narxi 28 million so‘m bo‘ladi. Qolgani uchun bankdan sizga o‘n uch yilga kredit mablag‘i olib beraman», deb va’da bergan Habibullo 10 million so‘mni tuman hokimining o‘rinbosari E. Berdiqulovga berish zarurligini aytadi. Yangi uy olish ilinjidagi Ali pulni Habibulloning qo‘liga tut­qazadi.

Ikki kundan so‘ng Habibullo Aliga uyning kommunal to‘lovlarni qayd etish daftarchasi va bankning to‘lov jadvalini berib, qolgan 18 million so‘m­ni ta­­lab qiladi. «O‘n beshinchi mart­ga­cha yangi uyga ko‘­chib o‘tasiz» degan va’daga ishongan Ali qarindoshlaridan 18 million so‘m qarz olib, Habibulloga beradi.

Keyingi kuni «hojatbaror» Ha­bibullo Ali bilan uchrashib, «uyniki» deb qo‘liga uch dona kalit beradi va yangi uyni «yuvish» uchun Alining ijaradagi uyida mehmon bo‘ladi.

Ertalab Habibullo Aliga «tushdan so‘ng quruvchi bilan birga uyingni ko‘rsataman» de­gancha juftakni rostlaydi. Habibullo kelmagach, Ali yangi qurilayotgan uylarga borib, hamma eshikka qo‘lidagi kalitlarni solib ko‘radi. Lekin ular bironta eshikka to‘g‘ri kelmaydi. Chunki uyning o‘z egasi bor edi…

Aslida SH. Jalilova va N. G‘aniyevaga shar’iy yo‘l bilan uylanib, birini olti, ikkinchisini besh, fuqaro A. Nurimovni esa, yigirma sakkiz million so‘mga «chuv» tushirgan bu kimsa Payariq tumanining Guliston qishlog‘ida yashovchi Qahramon Xushnazarov edi.

Biron joyda tayinli ishlamagan Q. Xushnazarovning firibi ortidan aziyat chekkanlar faqat nomlari tilga olingan jabr­lanuvchilar emas. Qahramon boshqalarni ham laqqillatgan ekan. Ular peshona teri bilan topgan pullarini firibgarning qo‘liga tutqazishganini ju­da kech bilishdi.

Aldov va firibning umri qisqa. Qahramon Xushnazarovning qilmishlari ham vaqti kelganda fosh etildi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ishi tergovga oshirildi. Dastlabki tergov chog‘ida Payariq tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E. Berdiqulov Qahramon Xushnazarovni umuman tanimasligi, uning qilmishlariga mutlaqo aloqasi yo‘qligini ma’lum qil­di.

Sud sudlanuvchi Q. Xushnazarovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi va 28, 211-moddasi 2-qis­mi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hukmda sudlanuvchidan jabr­lanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish qayd etildi.

Xullas, ustamon aldoqchining firibgarlik qilmishlari sud­ning qonuniy va adolatli hukmi bilan yakun topdi. Ammo firibgarning tegirmon toshi aylanishiga jabrlanuvchilarning o‘ta ishonuvchanligi sabab bo‘lganini ham qayd etish zarur. Demak, har kimning gapiga laqqa ishonib, chuv tushish ogohlik belgisi emas. Buni aslo unutmaslik kerak.

Muhiddin TO‘XTAYEV,

Samarqand viloyati sudi sudyasi,

Abduhamid XUDOYBERDIYEV,

jurnalist

Kiritildi: 10:51 23.03.2021. O'qildi: 4481 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!