Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hokimining oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini ko‘chalardagi obodonlashtirish va monitoring ishlariga jalb etish tashabbusi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlanadi.
Agar mazkur tashabbus amaliyotga joriy etilib, pedagoglar faoliyatiga daxldor bo‘lmagan ishlarga jalb etilsa, majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi yuzasidan ogohlantirish yuborildi.
Har qanday tashabbusni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash zarur.