Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, Samarqand davlat universitetiga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berildi, deya O‘zA xabar bermoqda.
Universitet tarkibida quyidagilar tashkil etildi:
➖agronomiya, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti;
➖ muhandislik, avtomatika, mexatronika, robototexnika, raqamli elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Muhandislik fizikasi instituti;
➖pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi Universitetning Urgut filiali.
Samarqand davlat universitetida Transformasiya ofisi tashkil etildi va u Universitetni kompleks rivojlantirish hamda 2026 yilga qadar xalqaro reytingda birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritishga mas’ul etib belgilandi.