Shu yilning 8 may kuni Venesiya biyennalesida O‘zbekiston Milliy pavilyonining rasmiy ochilishi va qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.
— Bu yil Toshkentning yonginasida joylashgan “Quyosh” geomajmuasi g‘oyasini o‘zimiz bilan olib keldik. Pavilyonimiz mavzusi o‘zida muhandislik fanlari, shaharshunoslik, biologiya va sun’iy intellektni birlashtirgan va “Intelligens. Tabiiy. Sun’iy. Kollektiv” deya nomlangan biyennale mavzusiga to‘la mos keladi, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.
Prezident yordamchisi noyob “Quyosh“ ob’ektining rolini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi. Uni nafaqat saqlab qolish, balki global va ilmiy munozaralarga kiritishni qayd etdi.
Bu Venesiya biyennalesidagi beshinchi ekspozisiyamiz. Har safar biz ona yurtimizning ko‘z ilg‘amas qadriyatlarini, tarixga ehtirom, ilm-fanga bo‘lgan muhabbatini ko‘rsatib, jahon hamjamiyatini hayratga solishda davom etamiz, deydi u.
Prezident yordamchisi ushbu loyihaga o‘z kuch-g‘ayrati, ijodi va O‘zbekistonga bo‘lgan muhabbatini baxsh etgan jamoaga minnatdorchilik bildirdi.