Superligada 23-tur o‘yinlari davom ettirildi. "Nasaf" jamoasi bu tur safarda "Lokomotiv"ga qarshi bahs olib bordi va 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Bugungi tarixiy g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Bugungi uchrashuv "Lokomotiv" jamoasi uchun ham juda zarur edi. Bizdan ham ularga ko‘proq ochko kerak edi. Ularni katta ishtiyoq bilan harakat qilishini bilar edik. Shunga qaramay, birinchi bo‘limda vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. Raqib bir kishi kam bo‘lib qolgach, vaziyatimiz yaxshilandi. Ba’zida, Akmal hujumga qo‘shilib turadi. U bir necha bor bu ishni ko‘rsatgan edi. U muhim golni urdi.
Chempionlik uchun qanday mukofot e’lon qilingan?
Bu borada hech qanday aniq ma’lumot yo‘q, ammo rahbariyat yetarlicha e’tibor qaratadi. Hech bir futbolchining mehnati past baholanmasligi va rag‘batlantirilishi aytildi. Rahbariyat bizni ishontirdi va ular biz kutmagan narsalarni aytishdi. Yigitlarning bu tarixiy g‘alabasi munosib rag‘batlantiriladi.
"Nasaf" bilan avvval ham chempionlik uchun da’vogarlik qilgansiz, ammo natija bo‘lmagan edi. Bu yil nimani o‘zgartirdingiz?
Birinchi navbatda aniq reja asosida harakat qildik. Rahbariyat va homiylar e’tiborini oshirish orqali bizga kerakli sharoitlarni yaratib berdi. Shuningdek, o‘yinimizga ham jiddiy yondashdik. Qolaversa, raqobatchilarimizning ochko yo‘qotishi ham bizga qo‘l keldi. O‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish va boshqa ko‘plab faktorlar ta’sir qildi.
"Nasaf"ning qaysi ampluasi chempionlik uchun asosiy rolni ijro etdi?
Javob berish qiyin savol. Jamoa sifatida barcha g‘alabaga hissa qo‘shdi. Agar chempionatning eng yaxshi fubolchisini aniqlamoqchi bo‘lsangiz, bizni jamoadan izlayverasiz. Akmal, Abduvohid, Sherzod katta hajmdagi ishni amalga oshirdi. Abduvohid O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etilishga loyiq.
Hujum chizig‘ida biroz muammolarga duch keldik. Hujumchilarimizda samaradorlik pasayib ketdi. Ular huddi maydonda yo‘qdek harakat qilishmoda.
Sizga Eron chempionatidan qiziqishlar bo‘layotgan ekan?!
Bundan o‘zimning xabarim yo‘q. To‘g‘risi, matbuotni uncha o‘qimayman. Ba’zi narsalarga ishonmayman ham. Menga hech kim taklif bilan chiqqani yo‘q. Hech kim aloqaga ham chiqqani yo‘q. Keyingi rejamni mavsum tugagach ko‘rib chiqamiz. Hozir, O‘zbekistonning eng bayroqdor jamoasida ishlayapman. Bu meni qoniqtiradi. "Nasaf" taklif qilsa, jamoada qolaman. Jamoaga men kerakman, menam jamoamga kerakman.
"Nasaf" o‘zi chempionlik qo‘lga kiritdimi yoki raqobatchilari chempion qilib yubordimi?
Mavsum boshida barchada imkoniyat teng edi. Yana bir narsani bilishingiz kerak. Biz "Paxtakor" chempion bo‘lgan yili ko‘pchilik boshqa klublar kurashmadi, ularni chempion qildi degan fikrni aytar edi. Bu yil biz barqarorroq edik. Yetakchi jamoalarning o‘zaro o‘yinlarda ham orqada qoldirishni uddaladik. Bu muhim edi. So‘nggi 2-3 yilda jamoalarimiz darajasi tenglashib qoldi va hamma ochko yo‘qotdi. Biz natija uchun o‘ynaganimiz sababli chempionlikka erishdik. Bosimni yengib o‘tdik.
O‘zbek futbolida nimalar o‘zgardi deb o‘ylaysiz? Nimaning evaziga?
Viloyat jamoalariga e’tibor kuchaymoqda. Rahbariyat tomonidan bo‘ladigan e’tibor. Hozir 4-5 ta jamoa oldinga katta maqsad qo‘ygani raqobatni kuchaytirmoqda. Avvalari, katta futbolchilar ko‘proq poytaxtda bo‘lar edi. Viloyat klublarida yaratilayotgan imkoniyat natijasini yaxshilab boryapti. Men buni o‘zgarishni asosiy sababi deb hisoblayman. Hammasi e’tibor bilan bog‘liq.
Terma jamoani boshqaruv masalasidagi taklifga qanday javob berasiz?
Buni muhokama qilmaylik. Men, terma jamoaga ishonaman. Ular 100 foiz jahon chempioatiga chiqishni uddalashadi.