Rostgo‘ylik jamiyat ravnaqi va shaxslar o‘rtasidagi ishonchning bardavom va barqaror bo‘lishiga kafil bo‘ladigan sifatlardan biri. Shuning uchun fazilatlarning asosi va millat taraqqiyotining belgisi, deb e’tibor qilinadi. Agar bu sifat yo‘qolsa, o‘rniga ishonchsizlik keladi va hamjihatlik yo‘qoladi. Rostgo‘ylik jamiyatdagi eng zarur omillardandir. Zero, undan ko‘p xayrli ishlar hosil bo‘ladi. U bilan haq-huquqlari qaytariladi. Rostgo‘ylik orqali odamlar o‘rtasida ishonch hosil bo‘ladi. Shuning uchun Qur’onda mo‘minlar bu sifatni xulq qilib olishga da’vat qilib aytiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va (iymonda) sodiq kishilar bilan birga bo‘lingiz!” (Tavba, 119).
“Ey, mo‘minlar! Allohdan qo‘rqingiz va to‘g‘ri so‘zlangiz!” (Ahzob, 70).
Hadisda shunday deyiladi: “To‘g‘rilik, rostgo‘ylik yaxshilikka olib keladi. Yaxshilik esa jannatga olib keladi”.
Junayd Bog‘dodiy rostgo‘ylik borasida shunday degan: “Rostgo‘y inson 40 yil bir holatda bo‘ladi. Riyokor esa bir kunda 40 marta o‘zgaradi”.
Tarixiy asarlarda yozishlaricha, xalifa Mustarshid o‘z o‘g‘liga yozgan vasiyatnomasida shunday degan: “Ey farzand, agar hamma xalq sendan qo‘rqishini xohlasang, zinhor yolg‘on so‘zlama, chunki yolg‘onchi kishi behaybat bo‘ladi. Agar ming qilich uni himoya qilsa, ya’ni ming kishi o‘tkir tig‘ va shonu shavkat va azamati uchun tutib tursalar va lekin uning zaboni shamshirida rostgo‘ylik javhari bo‘lmasa, xaloyiq nazarida hech haybati va salobati bo‘lmas”.
Yuqoridagi gaplardan xulosa qilib, omma xalqimizni rostgo‘ylikka chaqiramiz va Allohdan bu borada tavfiq va ofiyat so‘raymiz!
Manba: muslim.uz