Vladimir Zelenskiy Rossiya vakillari Qora dengizda jangovar harakatlarni to‘xtatish va energetika ob’ektlariga zarbalar berishni cheklash bo‘yicha kelishuvlarni "manipulyasiya qila boshlaganini" ta’kidladi.
"Muzokaralarning bugungi kunidayoq, rossiyaliklarning manipulyasiya qila boshlaganini ko‘rib turibmiz. Ular kelishuvlarni buzishga, ham vositachilarimizni, ham butun dunyoni chalg‘itishga harakat qilmoqda", — deya fikr bildirdi Ukraina rahbari.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQSh bilan kelishib olgan, ya’ni energetika ob’ektlariga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha sulh faqat Oq uy tegishli bayonot berganidan keyin boshlanishi kerak edi. Ushbu bayonot 25 mart kuni e’lon qilindi.
Biroq Vashingtonning bayonotida Qo‘shma Shtatlar hukumati harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan tomonlar bilan energetika ob’ektlariga 30 kun davomida zarbalar berishni to‘xtatish choralarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olgani qayd etilgan. Rossiya esa energetikaga oid sulh 18 martdan boshlab amal qilishini ta’kidlamoqda.