Polsha, Litva, Latviya, Estoniya va Finlyandiya piyodalarga qarshi minalardan foydalanish, saqlash, ishlab chiqarish va o‘tkazishni taqiqlovchi hamda minalardan tozalash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari uchun zarur bo‘lgan minalar bundan mustasno, minalar va mina maydonlari zaxiralarini yo‘q qilishni talab qiluvchi Ottava konvensiyasidan chiqish niyatida.
Estoniya, Latviya va Litva allaqachon BMTga rasmiy bildirishnoma topshirgan, Finlyandiya va Polsha esa yaqin kunlarda tegishli hujjatlarni taqdim etishi kutilmoqda.
Human Rights Watch tashkiloti bu qadamni asossiz deb atadi va qurol beg‘araz ziyon yetkazadi, mina dalalari esa tinch aholi uchun xavf tug‘diradi.
Bu qaror Rossiya va Ukrainaning piyodalarga qarshi minalardan foydalanishni kuchaytirishi fonida qabul qilinmoqda. Rossiya Federasiyasi konvensiyaga qo‘shilmagan va 2022 yildan beri Ukrainada minalardan keng foydalanmoqda.
Kiyev ham 2022 yildan beri minalardan foydalanayotganini tan oldi. Shu bilan birga, ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilda AQSh minalarni Ukrainaga o‘tkazgan.
Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy ham mamlakatning shartnomadan chiqishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, biroq vaqtincha amalda bo‘lgan harbiy holat konvensiyadan chiqishni yuridik jihatdan imkonsiz qiladi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu qadamni tinch aholi himoyasiga putur yetkazuvchi tahdid sifatida baholadi. Nobel mukofoti laureatlari va ko‘plab xalqaro tashkilotlar konvensiyani kuchda saqlash muhimligini ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, minalarni taqiqlash to‘g‘risidagi hujjat 1997 yilda Kanada poytaxti Ottavada qabul qilingan va 1999 yilda kuchga kirgan. Konvensiya piyodalarga qarshi minalardan foydalanish, ishlab chiqarish, saqlash va o‘tkazishni qat’iyan taqiqlaydi. Ayni paytda unga 166 davlat qo‘shilgan. Hujjatga qo‘shilmagan yirik davlatlar orasida Rossiya, AQSh va Xitoy bor.