Rossiyada samaradorlik vazirligi yoki davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish vazirligini tashkil etish taklif etildi. Bu haqda «Izvestiya» gazetasi «Avanti» ishbilarmonlik vatanparvarligini rivojlantirish bo‘yicha tadbirkorlar assosiasiyasi rahbari Rahmon Yansukov Rossiya bosh vaziri Mixail Mushustinga yo‘llagan xatga asoslanib xabar berdi.
Xatda ta’kidlanishicha, Rossiya iqtisodiyoti G‘arb sanksiyalari bilan bog‘liq muammolarga to‘qnashmoqda. Federal davlat dasturlari va ko‘plab ijtimoiy majburiyatlar tufayli mamlakat byudjeti bosim ostida. Bundan tashqari, ayrim amaldorlar isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymoqda. Shu bois byudjet xarajatlari samaradorligi birinchi darajali ahamiyatga ega.
Tadbirkorlarning fikricha, byudjet xarajatlarini optimallashtirishning eng ma’qul choralaridan biri maxsus federal ijro etuvchi organ — samaradorlik vazirligi yoki davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish vazirligini tashkil etishdir.
Yangi vazirlik davlat boshqaruv jarayonlarini soddalashtirish, qog‘ozbozlikka qarshi kurashish, bir-birini takrorlovchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o‘rganib ularni qisqartirish, federal agentliklarni qayta tuzish va xarajatlarni kamaytirish kabi vazifalarni bajaradi.