Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Rossiya tomonidan 12 yil qidirilgan andijonlik xavfli jinoyatchi dahshatli qotillikka qo‘l urdi

Rossiya tomonidan 12 yil qidirilgan andijonlik xavfli jinoyatchi dahshatli qotillikka qo‘l urdi

Andijonning Paxta obod tumanilik Ixtiyor Turg‘unov ilgari giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, Rossiya Federasiyasi huquq- tartibot organlari tomonidan qidiruvga berilgan va 12 yil qidirilgan. Bu haqda Mahalla nashri yozmoqda.

I. Turg‘unov istiqomat qiladigan Navbahor mahallasi profilaktika inspektorining aytishicha, yaqinda mazkur davlat qonunchiligiga muvofiq, muddat tugagani sababli qidiruv bekor qilingan. Qizig‘i, shu 12 yil mobaynida gumonlanuvchi og‘ir jinoyat uchun chet elda qidirilayotgan shaxs yurtimizda emin-erkin, o‘z oilasi davrasida yashadi. Hatto fermer xo‘jaligi tashkil etib, qishloqning obro‘li fuqarolaridan biriga aylandi. Xorijda u nima bilan shug‘ullangan, kimlar bilan do‘stlashgan bu bilan hech kim qiziqib ham ko‘rmadi. Uning Rossiya hukumati huquq-tartibot organlari tomonidan uzoq muddat qidirilgani yurtimizda ham mudhish jinoyat sodir etganidan keyingina ma’lum bo‘ldi. Jinoyatchining xorijdagi sarguzashtlariga oid sud jarayonida ma’lum bo‘lgan tafsilotlarga qaramay mahalladoshlar, xotinining hamkasblari uni iliq ta’riflashayotgani esa ajablanarli.

Mudhish kecha

2018 yilning 5 noyabridan 6 noyabriga o‘tar kechasi I.Turg‘unov ishdan charchab, uyiga keladi. Kuni bilan yurib 20 sotix yerda yetishtirgan sholisini kombayndan chiqarib ololmaganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Shuning uchun xotini oldiga qo‘ygan ovqat ham tomog‘idan o‘tmay, bir shisha aroqni simirib ichadi. Ishi yurishmagani bir taraf, xotinining diydiyosi esa undan-da oshib tushdi. Er-xotin o‘rtasidagi aytishuv katta janjalga aylanib, Ixtiyor qo‘lidagi aroq shishasi va temir bo‘lagi bilan xotinini jon taslim qilgunicha savalayverdi...

Oilasidagi sir o‘zigagina ayon

Mash’um voqea tufayli yosh juvon hayotdan ketdi. Madaniyat pedagogika kolleji bitiruvchisi Arjumandbonu bilan Paxtaobod tumanidagi 31-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Madinabonu mehribon va g‘amxo‘r onaizoridan ayrildilar. Bugun mahalla ahli fojia va uning sabablarini o‘zlaricha muhokama qilmoqdalar. Tabiiyki, bu tasodifmi yoki yillar davomida to‘plangan dard-alamning qonli yakunimi, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Bunday anglashilmovchilik va chalkashlikning boisi shuki, mazkur oila Navbahor dagi namunali xonadonlardan biri sanalar edi. Bunday sharafga erishishda ko‘proq 31-maktab muallimasi, marhuma Muhayyo Turg‘unovaning qishloq va ta’lim muassasasida topgan obro‘-e’tibori bosh omil edi.

U doimo oilasiga g‘amxo‘r, mehribon edi, deydi maktab xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulandom Soliyeva. U xokisor, atrofdagilarga hurmatda edi. Endi tushundimki, boyaqishni sira anglamabmiz. Bilganimizda turmush o‘rtog‘i, oilasi haqidagi shirin gaplariga mahliyo bo‘lmay, ko‘nglidagi g‘am-anduhga ham nigoh tashlardik.

Qiziq, mahalla namunali, oila ibratli, er risoladagiday bo‘lsa, u holda nega mudhish voqea ro‘y berdi? Buning asosini qayerdan izlamoq kerak? O‘z jufti halolini joni uzilgunicha do‘pposlash, tahqirlash, azoblash bu shunchaki jahl ustida qilinadigan jinoyat emas.

Mehnatkash, izlanuvchan, kattaga hurmat, kichikka izzat ko‘rsatadigan insondan bunday jinoyatni kutmagandim, deydi profilaktika inspektori Odiljon Esonboyev. O‘sha kuni yarim kechasi opasining uyidan qo‘liga kishan solib olib chiqdim, qarshilik ko‘rsatmadi, qochishga urinmadi. Umuman, hanuzga qadar nega? , nima uchun? degan savol miyamdan ketmayapti.

Ichkilikning kasofati edimi?

Men o‘n sakkiz yil mas’ul kotib bo‘lib ishladim, deydi mahalla faoli Ominaxon To‘ychiboyeva. Mahalladagi to‘qqiz yuzga yaqin oilaning hammasini yaxshi bilaman. Ixtiyorning turmush o‘rtog‘i Muhayyo qishlog‘imizga kelin bo‘lib tushgan. Men uni boshqalarga ibrat, namuna qilib ko‘rsatar edim. Kamgap, oqila, imon-e’tiqodli, ma’naviyati yuksak ayol edi. Eri haqida ham shunday fikrda edim. Agar ularning o‘zaro munosabatida muammo paydo bo‘lsa, men sezardim. Afsuski, g‘aflatda qoldik...

Shu o‘rinda yana bir fikr e’tiborimizni tortdi. Odiljon Esonboyev Ixtiyor giyohvand emasdi, ammo biroz ichib turardi , dedi. Demak, uning ichkilikka moyilligini mahalla bilgan, ammo chora ko‘rmagan. Shuning uchun ham u arzimagan mashaqqat ni bahona qilib, bir shisha aroqni ichib yuborgan. Ehtimolki, bu birinchi holat emasdir. Ayol esa bu kabi noxushlikni umrining so‘nggi onlariga qadar yashirib kelgan...

Hukm

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi sudyasi Ilhomjon Sotvoldiyev I.Turg‘unovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining J bandi bilan aybli deb topib, unga nisbatan 17 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tishi belgilab qo‘yildi.

Voyaga yetmagan qizlarga qiyin bo‘ldi. Endi ularda na ota bor, na ona...

Kiritildi: 10:52 15.04.2019. O'qildi: 6858 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!