Rossiya armiyasiga yollanadigan O‘zbekiston fuqarolari istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
«O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e’tirof etilmaydi. Faqatgina prezident farmoni bilan fuqarolik bekor qilinadi.
Konsullik O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra «yollanish» — xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o‘tgan.
Bosh konsulxona O‘zbekiston Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan qonunga xilof harakatlarni sodir etgani to‘g‘risida xolis ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha shaxslar istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ogohlantirgan. Diplomatik idora vatandoshlarni da’vatlarga berilmaslik va ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan.