Eng katta o‘g‘rilik – bu namozdan o‘g‘irlashdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Insonlarning ichidagi eng yomon o‘g‘ri, namozidan o‘g‘irlaydigan kishidir”. Sahobalar: ”Yo Rasululloh, namozidan qanday o‘g‘irlaydi” dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: ”Ruku’ va sajdalarni mukammal qilmaydi” (Imom Ahmad).
Namozda xotirjamlikni tark qilish, ruku’ va sajdalarda belni tekis qilmaslik, ruku’dan ko‘tarilganda qaddini rostlamaslik hamda ikki sajda orasida tik o‘tirmaslik, bularning bari ko‘pgina namozxonlarda topiladigan qusurlardir.
Bugungi kunda namozlarida xotirjamlikni tark qiladiganlardan xoli masjidni topish amri mahol bo‘lib qoldi. Vaholanki, namozda xotirjamlik uning ruknlaridan biridir, u siz namoz durust bo‘lmaydi, ish jiddiydir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: ”Ruku’ va sajdalarda orqasini tekis qilmaguncha kishining namozi o‘tmaydi” (Abu Dovud).
Shubhasiz namozni tez, shoshilib o‘qish zajr va va’idga loyiq bo‘lgan munkar ishdir.
Abu Abdulloh Ash’ariy roziyallohu anhu aytadilar: ”Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ashoblari bilan namoz o‘qidilar. So‘ng ularning bir toifasi bilan o‘tirgan edilar, bir kishi kirib namoz o‘qiy boshladi va ruku’, sajdalarni xuddi don cho‘qigandek tez-tez qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: ”Mana buni ko‘ryapsizmi? Kim mana shu holatda o‘lsa, Muhammadning dinidan boshqa dinda o‘lgan bo‘ladi, namozini xuddi qarg‘a qon cho‘qiyotgandek o‘qimoqda. Xuddi don cho‘qigandek tez-tez ruku’ va sajdalarni qilgan kishining misoli, bir yo ikki xurmo yegan qorni och kishiga o‘xshaydi, bu esa uning ochligini ketkaza olmaydi» , dedilar.
Zayd ibn Vahb rivoyat qiladi: Huzayfa roziyallohu anhu ruku’ va sajdalarni mukammal qilmayotgan kishini ko‘rib unga dedi: «Sen namoz o‘qimading, agar shu holda o‘lsang, Islomdan boshqa dinda o‘lasan”.
Namozda xotirjamlikni yo‘qotganlar bu hukmlarni bilganlaridan so‘ng, namozni ohista, xotirjam o‘qishlari lozim.
Shahobiddin PARPIYEV
Asaka tumani bosh imom-xatibi
Manba: muslim.uz