Bugun 17 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Rassom Van Gog haqidagi haqiqatlar yuzaga chiqdi!

Rassom Van Gog haqidagi haqiqatlar yuzaga chiqdi!

1888 yil 23 dekabrga o‘tar kechasi Vinsent Van Gog Parijdagi bordellardan biriga kirib, suygan qiziga qulog‘ining qonli parchasini uzatdi... Bu voqea aqldan ozgan rassom haqidagi eng mashhur hikoyaga aylandi. Van Gog buni atayin qilganmi yoki rostdan ham aqlan zaif bo‘lganmi? Savolga javobni quyidagi maqoladan qidirib ko‘ramiz, deydi “xabardor.uz”.

Rassom Van Gog shaxsi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan juda ko‘p afsonalar yuradi. Uning hayoti shoirona edi. U o‘ziga to‘q oilada tug‘ilgan, sifatli ta’lim olgan va uch tilda so‘zlashishni bilgan. Otasi rohib bo‘lgan. Uch nafar tog‘asi esa san’at asarlari savdosi bilan muntazam shug‘ullangan.

Afsona va haqiqat

Van Gog haqidagi aksariyat rivoyatlar muallifi germaniyalik san’at ixlosmandi Yulius Meer-Grefe bo‘lgan. U rassomning suratlarini ko‘rgan zahoti uning badiiy qimmatini yaxshi anglab, reklama qilish kerakligini tushuntirib o‘tgan. O‘zining o‘tkir qalamidan foydalanib Meer-Grefe rassomning kolleksionerlarga yoqadigan biografiyasini tuzib chiqqan.

Aslida, Van Gog rassomlikni ancha keyin, 30 yoshga kirib boshlagan. Biroq bu tasodif ham, moʻjiza ham emas, o‘ylab tashlangan qadam edi. Rohiblik faoliyatini tashlagan Vinsent rassmolikka kirishdan oldin yetti yil davomida “Goupil & Ciye” badiiy-savdo firmasida art-diler bo‘lib ishlagan. Ayni shu pozitsiyadan turib Van Gog o‘zining rasmlardagi hayotini boshlagan. Rivoyatlardan farqli o‘laroq u osmondan tushgan daho emas, san’at tarixi va nazariyasidan yaxshi xabardor, suratlarni sotish bo‘yicha katta tajribaga ega odam bo‘lgan. 27 yoshidan boshlab u predmetlarni sistematik o‘rganib, eng zamonaviy darsliklardan foydalanib chizishni boshlagan. Ma’lum vaqt oralig‘ida ikkita badiiy akademiyada ham o‘qib chiqqan.

1886 yilda kichik ukasi Teoning maslahatiga ko‘ra, Vinsent Parijga boradi va Fernan Kormon studiyasiga o‘qishga kiradi. Parijda Teo uni Pissarro, Tuluz-Lotrek, Mone, Renuar, Dega, Gogen kabi yulduzlar bilan tanishtiradi. Aynan Teo akasini endi urfga kirib kelayotgan postimpressionizm bilan shug‘ullanishga undaydi.

Rassom Van Gogning qashshoqligi to‘g‘risidagi fikrlar ham yumshoq qilib aytganda, bo‘rttirish. 1884-yilning o‘zidayoq u ukasi bilan shartnoma tuzib qo‘ygan. Tayyor kartina evaziga Teo uni xolst, bo‘yoqlar va boshqa materiallar bilan ta’minlab turishi va har oy 220 frank maosh to‘lashi kerak edi. Vinsentning tan olinmagani va bor-yo‘g‘i bittagina kartinasi sotilganiga kelsak, bu gap ham uydirma. Chunki, Teo akasi uchun muntazam ko‘rgazmalar uyushtirib turgan va uning kartinalari yaxshigina pulga sotilgan.

Van Gog qulog‘ini o‘zi kesib tashlaganmi?

Meer-Grefe to‘qimalarining gultoji, albatta, aqldan ozgan rassomning o‘z qulog‘ini kesib tashlagani haqidagi voqea sanaladi. Aslida, esa rassom tushkunlikdan faqat umri so‘nggida aziyat chekkan. Shifokorlar unga absent (70 foiz spirtdan tashkil topgan ichimlik)ni muntazam ichish oqibatida kelib chiqqan aqliy buzilish tashxisini qo‘yishdi. Unda biografning to‘qimalari qayerdan olingan?

1888 yilda Van Gog Fransiya janubiga o‘tib, Pol Gogenni o‘z shahri Arlda yashashga ko‘ndiradi. Van Gogning behalovat ruhi Gogenning osoyishta, barqaror fe’lini ko‘tara olmadi. Do‘stlar bir tom ostida yashay olishmadi.

Bahs va janjallar doimiy tus ola boshladi. Ikki oydan so‘ng esa Gogen ketishga ahd qiladi. Germaniyalik tarixchilar Gans Kaufman va Rita Vildeganslar fakt hamda politsiya arxivlarini o‘rganib chiqib, bu ikki do‘st orasida duyel bo‘lgan, degan xulosaga kelishdi. Otishma chog‘ida sobiq dengizchi va juda yaxshi qilichboz bo‘lgan Gogen Van Gogning qulog‘ini yaralagan. Taxminlarga ko‘ra, qonni to‘xtatib, biroz o‘zlariga kelib olgan do‘stlar bu ishni sir saqlashga qaror qilishgan. Vinsent esa do‘stiga zarar yetkazmaslik uchun politsiyaga bu ishni o‘zi qilganini aytadi.

Kiritildi: 22:20 03.03.2020. O'qildi: 4159 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!