Raqobat qo‘mitasi tomonidan dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini asossiz oshirish holatlari keng ko‘lamda aniqlandi. Tekshiruvlar «Fair tech» yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar asosida amalga oshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2025–2026 yillar davomida 991 ta dorixonada qonunbuzilish holatlari qayd etilgan. Ularning 152 tasi ulgurji, 839 tasi esa chakana savdo sub’ektlaridir. Jami 414 ming 305 ta holatda 8,5 mlrd so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlangan.
Qo‘mita ushbu mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish orqali iste’molchilar manfaatiga qaytarish choralarini ko‘rganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, qonun talablarini buzgan sub’ektlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Tekshiruvlar natijasida lisenziya talablarini qo‘pol ravishda buzgan dorixonalar bo‘yicha tegishli taqdimnomalar kiritilgan. Bu asosda ayrim kompaniyalar faoliyati to‘xtatildi.
Xususan, «FARM EFFEKT», «PHARMA BREND», «GIPOFIZ FARM», «MAXSUDBEK BIZNES», «THE GREAT FARM» va «MEDEX GROUP PHARM» kabi korxonalar lisenziyasidan mahrum etildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu qarorlar dori vositalari narxlarini belgilangan me’yorlardan yuqori qo‘llash holatlari bilan bog‘liq. Bunday amaliyot iste’molchilar huquqlarini buzishi qayd etilgan.
Shuningdek, aniqlangan holatlar bo‘yicha materiallar Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga ham taqdim etilgan.