O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Unga muvofiq, Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish bosqichlari "3 qadam" tamoyili asosida maqbullashtiriladi.
2023 yil 1 dekabrga qadar davlat xizmatlari markazlarida 14 ta "Raqamli xizmat nuqta"lari tashkil etiladi.
2024 yil 1 yanvarga qadar raqamli xizmat va servislar, elektron to‘lovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy ta’minot shakli joriy etiladi.
"Raqamli hukumat" tizimi doirasida:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladigan davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish hamda hududlarni raqamli transformasiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi;
b) Qog‘ozsiz ish yuritishga o‘tish jarayonini jadallashtirish maqsadida "ljro.gov.uz" ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan "edo.ijro.uz" moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari, 2024 yil 1 maydan boshlab ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar to‘liq o‘tkaziladi.
2023 yil 1 sentyabrdan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari axborot tizimlarida "Raqamli hukumat" tizimining yagona identifikatorlari hamda ma’lumotnomalar va tasniflagichlar registri axborot tizimida joylashtirilgan yagona umumdavlat ma’lumotnomalar va tasniflagichlardan foydalanishlari shart bo‘ladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan har yarim yilda inson omilisiz shakllanadigan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi raqamli xizmatlar va servislardan qoniqish darajasi reytingi e’lon qilib boriladi.
Farmonda 7 may sanasi O‘zbekiston Respublikasi axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni deb belgilangan.