IT-Visa berish amaliyoti startap loyihalarning ta’sischilari va mutaxassislariga ham tatbiq etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, dastur ishtirokchilariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari qo‘llanadi:
- qiymati 50 million AQSh dollaridan ko‘p bo‘lgan xorijiy venchur jamg‘armalardan investisiya jalb qilgan startap loyihalarga mazkur investisiyaga teng miqdorgacha bo‘lgan, biroq 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda investisiya mablag‘larini ajratish;
- quyidagi xarajatlarni qoplab berish:
- 5 yildan ortiq muddat davomida faoliyat yuritayotgan hamda kamida 100 million AQSh dollari miqdorida investisiya jalb qilgan yetakchi xalqaro akselerasiya dasturlarida ishtirok etish;
- inkubasiya va akselerasiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 50 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
- patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari;
- venchur jamg‘arma tomonidan garov ta’minotisiz, asosiy stavkadan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 300 million so‘mgacha miqdorda startap loyihalarga qarz mablag‘larini ajratish;
- IT-Visa berish amaliyotini startap loyihalarning ta’sischilari va mutaxassislariga ham tatbiq etish.