Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Ramazon kundaligidan: HOMILADOR YOKI EMIZIKLI AYOL RO‘ZA TUTISHI MUMKINMI?

Ramazon kundaligidan: HOMILADOR YOKI EMIZIKLI AYOL RO‘ZA TUTISHI MUMKINMI?

— Emizikli bolam bor. Bunday holda ro‘za tutsam bo‘ladimi?

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutganda bolasiga yoki o‘zining joniga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmaydi va keyinchalik ro‘zaning qazosini tutib beradi. Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol o‘z joniga yoki bolasiga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘zani ochadi va (imkon bo‘lganda) qazosini tutadi. Ularga ro‘zani ochgani uchun kafforat lozim bo‘lmaydi. Zero, “Xulosa” kitobida shunday deyilgandir” (“Fatavoi hindiya”).

Boshqa bir manbada bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol bolasi yoki o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘zani ochishi joiz. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh musofirdan ro‘zaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan ro‘zaning (hammasini) ko‘targan”, deganlar (Imom Nasaiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan).

Homilador yoki emizikli ayolning ro‘zani ochishi zarardan qo‘rqishga bog‘lab qo‘yildi. Bu qo‘rquv yo tajribalar natijasida paydo bo‘lgan kuchli gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. “Fatavoi Zohiriya” kitobida shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo o‘zining joniga zarar yetishidan qo‘rqmasa, ro‘zani ochishiga ruxsat berilmaydi” (“Bahrur-roiq”).

Demak, homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutsa bolasiga yoki o‘zining joniga zarar yetishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, ro‘za tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.

Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, homilador va emizikli ayollar ro‘za tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda ro‘zaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar.

Homilador va emizikli ayollar farzandi yoki joniga zarar yetmaydigan bo‘lsa, ro‘za tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom yeyishga o‘rgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim.

184 marta o‘qildi

Kiritildi: 13:23 11.04.2021. O'qildi: 9860 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!