Nukus, Urganch va Farg‘onani erta tongdan quyuq tuman qopladi. Aeroportlarda noqulay ob-havo sharoiti tufayli samolyotlarning kelishi va ketishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.
Shu tariqa, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Sankt-Peterburg – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha HY-9638 reysi bo‘yicha samolyoti soat 06:04 da Buxorodagi muqobil aerodromga qo‘ndi. Toshkent – Urganch/Urganch – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-51/52 reyslari kechiktirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Toshkentdan Urganchga soat 12:00 da uchadi. Qaytish reysi oldindan 14:15 ga ko‘chirildi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Nukus yo‘nalishi bo‘yicha HY-11 reysi ham manzil shahardagi tuman sabab mahalliy vaqt bilan 11:30 ga qoldirildi.
Shuningdek, noqulay ob-havo sharoiti tufayli Farg‘ona aeroportida samolyotlarni qabul qilishda cheklovlar joriy etildi. Silk Avia aviakompaniyasining Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishidagi US-401 reysi vaqtinchalik mahalliy vaqt bilan 11:20 ga ko‘chirildi. Farg‘ona aeroporti samolyotlar uchib ketishida odatdagidek ishlaydi.