Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Qurolli Kuchlar o‘rtasidagi “Eng ilg‘or mutaxassis” tanloviga start berildi

Qurolli Kuchlar o‘rtasidagi “Eng ilg‘or mutaxassis” tanloviga start berildi

Kecha, 18 noyabr kuni Jizzax viloyatidagi Mudofaa vazirligiga qarashli «Forish» tog‘ dala-o‘quv maydonida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari miqyosidagi «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichiga start berildi.

Ushbu nufuzli musobaqada Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy okrug va bo‘linmalar bilan bir qatorda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘zaro kuch, salohiyat va kasbiy mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda.

Ta’kidlash kerakki, hududiy bosqichlarda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan tanlov ishtirokchilari «Eng ilg‘or harbiy qism komandiri», «Eng ilg‘or batalyon komandiri», «Eng ilg‘or vzvod komandiri», «Eng ilg‘or guruh komandiri» va «Eng ilg‘or serjant» nominasiyalari bo‘yicha bellashmoqda.

«Men g‘olib!» shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqaning dastlabki kunida harbiy xizmatchilar jismoniy tayyorgarlik hamda otish tayyorgarligi bo‘yicha belgilangan me’yorlarni muvaffaqiyatli bajardi. Qisqa vaqt ichida avtomatni qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘qdonni o‘q bilan to‘ldirish va bo‘shatish, nishonlarga o‘q otish, granata uloqtirish kabi topshiriqlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, turnikda tortilish, 100 metr va 3 kilometr masofaga yugurish musobaqalarida jamoadoshlar bir-birini olqishlab, qo‘llab-quvvatlab turdi. Aytish mumkinki, bu borada komandirlar o‘ziga xos namuna ko‘rsatmoqda.

Mudofaa vazirligi tomonidan tayinlangan mas’ul ofiserlardan iborat hakamlar hay’ati harbiy xizmatchilarning har bir harakatini xolisona baholab bormoqda. Hali oldinda harbiy topografiya, texnik va taktik tayyorgarlik bo‘yicha belgilangan amaliy topshiriqlar, test sinovi, o‘quv filmi va referatlar namoyishi ado etiladi.

Eslatib o‘tamiz, «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovi 2004 yildan buyon o‘tkazilib kelinadi va g‘oliblar 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunida taqdirlanadi hamda ularga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

Tanlovning respublika bosqichi joriy yilning 22 noyabriga qadar davom etadi.

Dilshod RO‘ZIQULOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Kiritildi: 12:55 19.11.2019. O'qildi: 1653 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!