Qozog‘istonning Qorasoy tumani sudi 2022 yil yanvar oyidagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarini qiynoqqa solgan olti polisiya xodimini uch yilga ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha hukm chiqardi. Bu haqda sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil yanvar oyida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lgan 44 nafar jabrlanuvchi polisiya boshqarmasining maxsus qabulxonasiga joylashtirilgan. Ayblanuvchilar o‘z xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilib, qonunga zid harakatlar sodir etgan va jabrlanuvchilarni qiynoqqa solgan.
Sud mazkur holatni guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalari hamda sudda o‘rganilgan boshqa dalillar bilan to‘liq tasdiqlagan. Ayblanuvchilar Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146-moddasi (Qiynoq qo‘llash) va 362-moddasi (Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topilgan. Sud hukmiga binoan jinoyatlarning yig‘indisi bo‘yicha har bir ayblanuvchi uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, ular davlat xizmatida ishlash huquqidan va maxsus unvonlardan ham ayrilgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar yuz bergan edi. Tartibsizliklar ishtirokchilari polisiya va harbiylarga hujum qilgan. Respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev buni davlat to‘ntarishiga urinish deb atab, KXSHTdan yordam so‘ragan edi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashgan, 19 yanvar kuni esa butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat rejimi bekor qilingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida 238 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq odam jarohat olgan.