Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida avtomobillar to‘qnashuvi oqibatida 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi, yana to‘rt kishi kasalxonaga yotqizildi.
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda "Nur.kz" xabar berdi.
Qayd etilishicha, 16 oktyabr kuni soat 07:30 da Beyneu — Tajen yo‘lida JAC avtomobili ishtirokida YTH sodir bo‘lgan. Avtomobil chegaradan o‘tish uchun navbatda turgan yuk mashinasiga kelib urilgan.
Mashinada jami 10 kishi bo‘lgan, 6 kishi halok bo‘lgan, qolgan to‘rt nafar yo‘lovchi Beyneu tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilgan. Jabrlanganlarning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda, deyiladi xabarda.
Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar Rossiyadan qaytayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan. YTHda ishtirok etgan barcha transport vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari boshlangan. Voqea haqida O‘zbekistonning Aqtau shahridagi bosh konsulligiga xabar berilgan.