Qozog‘istonning Aqtau shahridagi aeroport hududida yo‘lovchi samolyotining halokatga uchrashi bo‘yicha Ozarbayjonda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Azərbaycan Hava Yolları (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Aqtauda halokatga uchrashi bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 262,3-moddasi (havo transporti harakati xavfsizligi va foydalanish qoidalarini buzish oqibatida ehtiyotsizlik bilan ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish) va 314,3-moddasi (e’tiborsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovni olib borish Bosh prokuratura Tergov boshqarmasiga topshirilgan.
Jinoyat ishi doirasidagi tergov jarayonlarini olib borish uchun Bosh prokuror o‘rinbosari Elmar Jamalov boshchiligidagi tergov guruhi Qozog‘iston Respublikasiga yuborilgan. Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tergov va boshqa zarur prosessual harakatlarni amalga oshirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Xalqaro huquqiy yordam haqida iltimosnoma yuborilgan.
“Halokat sabablarini o‘rganish va zudlik bilan choralar ko‘rish maqsadida tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi samolyot halokati natijasida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi hamda jarohat olganlarning tezroq sog‘ayishini tilaydi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Qozog‘istonning Transport polisiyasi departamenti Jinoyat kodeksining 344-moddasi 3-qismi (Transport vositasidan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish oqibatida ehtiyotsizlik bilan ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha dastlabki tergov ishlarini boshlagan.