Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarbayjon aviakompaniyasining AZAL samolyoti yo‘lovchilarini qutqarishdagi ishtiroki uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining bir guruh qozog‘istonlik xodimlari, shifokorlar, polisiya xodimlari, Mang‘istau hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va Aktau xalqaro aeroporti xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bu haqda Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati ma’muriyati ma’lum qildi.
Jumladan, viloyat rahbari Nurdaulet Kilibay Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokayev farmoniga muvofiq 19 kishidan iborat guruhga davlat mukofotlari – orden va medallarni topshirdi, yana 51 kishiga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aktau shahri yaqinida Boku-Grozniy reysini amalga oshirayotgan AZAL yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragan edi. Samolyot bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan, 29 nafari tirik qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot jismoniy va texnik tashqi aralashuv natijasida qulagan.