Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanoy tumani Begjap OFY hududida shoqollar qishloqda yashovchilarga tashlangan. Fuqaro Yusup Qurbanov va Anvar Joldasbayevga shoqol tashlanib, tishlab olgan. Natijada ikki fuqaro hozirda Shumanoy tumani tibbiyot birlashmasida qutirish kasalligiga qarshi davolanmoqda.
Bu haqda Makan.uz sayti o‘z manbasiga asoslanib xabar bermoqda.
Kar24.uz saytining xabar berishicha, yuqoridagi ikki kishidan tashqari Shumanoy tumanidagi Qarabayli OFYda qutirgan shoqol qishloqda yashovchi ayolga tashlanib, tishlab olgan. Ayol zudlik bilan kasalxonaga yetkazilgan. Tekshirish natijasida shoqolning quturgani aniqlangan. Bu haqda Shumanoy tumani hokimining o‘rinbosari Ni’omjon Allaniyazov ma’lumot bergan.
Ma’lumotda aytilishicha, tuman hokimiyati ovchilar guruhini tuzib, quturgan shoqollarni otishni topshirgan. Bundan tashqari, agar kimda-kim shoqolni otib o‘ldirsa 50 ming so‘m va’da qilingan.
Qo‘shimcha ma’lumot, o‘tgan yili Shumanoy tumani Do‘stlik bayrog‘i va Dexqonobod OFYlarda bir guruh bolalarni qashqirlar talagandi.
Makan.uz manbasining xabariga ko‘ra, shoqollar uy hayvonlari tovuqlar, qo‘y-echkilarga tez-tezdan hujum qilishmoqda. Bu bo‘yicha hali hech qanday rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.